Ijodiy birlashmalarni tashkil etish masalalari muhokama etildi
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida ijodiy birlashmalarni tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Aytish kerakki, davlatimiz rahbarining joriy yil 1-iyun kuni mamlakatimiz madaniyat va san’at namoyandalari bilan o‘tkazgan uchrashuvida joylarda san’atning turli yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish, “ustoz-shogird” an’analarini kengroq yo‘lga qo‘yish maqsadida san’atning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ijodiy birlashmalarni tashkil etish masalasiga jiddiy e’tibor qaratgan edi.
Muhokamada Prezidentimiz farmoniga muvofiq madaniyat, san’at va adabiyot yo‘nalishlarida jami 21 ta ijodiy birlashma: adabiyot va nashriyotchilik, kino, teatr, tasviriy san’at, maqom san’ati, milliy va akademik cholg‘u ijrochiligi, estrada, raqs, moda va dizayn san’ati hamda boshqa qator yo‘nalishlarni qamrab olish jarayonlari yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ijodiy birlashmalarning ijodiy rahbarlari hamda ularning tashkiliy faoliyatiga ko‘maklashuvchi hamrahbarlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanishi qayd etildi. Ijodiy rahbarlar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha yangi iste’dodlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga mas’ul bo‘ladi.
Muhokama davomida mazkur tizimni samarali tashkil etish, ijodkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda sohada yangi iste’dodlarni kashf etish va rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

N.Usmonova,
O‘zA