Ijod maktabida xalqaro ilmiy konferensiya
Qashqadaryo viloyatidagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 85 yilligi munosabati bilan “Milliy she’riyat va global tafakkur: Abdulla Oripov fenomeni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman ijod maktabi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Qarshi davlat universiteti hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan bir qatorda Germaniya, Rossiya, Turkiya va Ozarbayjondan tashrif buyurgan olimlar, tadqiqotchilar va pedagoglar ishtirok etdi. Ular Abdulla Oripov ijodining badiiy-estetik xususiyatlari, milliy tafakkurdagi o‘rni hamda uning adabiy merosini zamonaviy, jumladan, raqamli ta’lim jarayonlariga integratsiya qilish masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
[gallery-28501]
Konferensiya avvalida shoir haykali poyiga gulchambar qo‘yilib, uning xotirasiga hurmat ko‘rsatildi. Shundan so‘ng ishtirokchilar Abdulla Oripov muzeyi bilan tanishdi. Ijod maktabi hududida shoir she’rlariga bastalangan kuy-qo‘shiqlar yangrab, tadbirga o‘ziga xos ruh bag‘ishladi.
Asosiy yig‘ilishda shoir ijodida til va ma’no uyg‘unligi, uning milliy madaniy identifikatsiyadagi o‘rni, shuningdek, zamonaviy ta’lim tizimidagi ahamiyati kabi dolzarb masalalar keng muhokama qilindi. Shuningdek, xorijiy ishtirokchilar bilan ZOOM platformasi orqali muloqotlar tashkil etildi.
Tadbir doirasida ijod maktabi o‘qituvchilari va iqtidorli o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan adabiy-badiiy kompozitsiyalar va musiqiy chiqishlar namoyish etildi.
Qayd etilganidek, mazkur xalqaro konferensiya ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Anjuman yakunida ilmiy maqolalar to‘plami nashr etilib, keng jamoatchilikka taqdim etildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari