Ijara xizmatlari hajmi 3,8 trillion so‘mga yetdi
O‘zbekistonda xizmatlar sohasi iqtisodiyotning eng faol yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda uy-joy, tijorat binolari, maxsus texnika va boshqa ob’ektlarni ijaraga berish xizmatlariga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshmoqda. Bu esa ijara bozorining kengayishi, tadbirkorlik muhitining faollashishi hamda aholi daromad manbalari diversifikatsiya qilinayotganidan dalolat beradi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–mart oylarida mamlakatda ijara xizmatlari hajmi 3,8 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,3 foizga oshgani bilan ahamiyatli.
Tahlillarga ko‘ra, ijara xizmatlari bozoridagi o‘sishga urbanizatsiya jarayonlari, yangi qurilish loyihalari, xususiy sektor faolligining kuchayishi hamda aholining turar joyga bo‘lgan ehtiyoji ortishi asosiy omil bo‘lmoqda. Shuningdek, kichik biznes sub’ektlari tomonidan ofis, savdo va ishlab chiqarish binolarini ijaraga olishga bo‘lgan talab ham yuqori sur’atlarda o‘smoqda.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, poytaxtda ijara xizmatlari hajmi 1,6 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu mamlakat umumiy ko‘rsatkichining salmoqli qismini tashkil etadi. Mutaxassislar bu holatni poytaxtda aholi zichligi, biznes faolligi va ko‘chmas mulk bozori yuqori darajada rivojlangani bilan izohlamoqda.
Iqtisodchilar fikricha, ijara xizmatlari bozorining o‘sishi aholi uchun qo‘shimcha daromad manbai yaratish, xususiy mulkdan samarali foydalanish va xizmatlar sohasida yangi ish o‘rinlari tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, zamonaviy turar joy majmualari, ofis binolari va logistika infratuzilmasi kengayishi ushbu bozor rivojiga yanada turtki berishi kutilmoqda.
Ekspertlar kelgusida raqamli platformalar orqali ijara munosabatlarini tartibga solish, bozor shaffofligini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilash sohadagi o‘sish sur’atlarini yanada jadallashtirishini ta’kidlamoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA