IIV rahbariyati tomonidan poytaxtda tungi xizmat faoliyati o‘rganildi
«Xavfsiz va sog‘lom yurt» kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida ichki ishlar organlarining tungi xizmatni tashkil etish, jamoat tartibini saqlash hamda huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasidagi faoliyati IIV rahbariyati tomonidan Chilonzor tumani misolida o‘rganildi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Diyorbek Sattorov tungi xizmatga jalb etilgan kuch va vositalarning faoliyati, xizmat o‘tash tartibi, patrul yo‘nalishlari, profilaktika inspektorlari hamda sohaviy xizmatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik holati bilan tanishdi.
O‘rganishlar davomida xizmatni tashkil etish sifati, jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolar murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, kriminogen vaziyati murakkab hududlarda profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish masalalari atroflicha tahlil qilindi.

Tungi vaqtda sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, hududlarda xizmat olib borayotgan xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish, zamonaviy texnik imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda xizmat intizomini mustahkamlash yuzasidan mas’ul rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi.
O‘rganish yakunida jamoat tartibini saqlash, aholi xavfsizligini ta’minlash va ichki ishlar organlari xizmatlarining samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.
N.Abduraimova, O‘zA