IIV: jinoyatchilikka qarshi kurashish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash kuchaytiriladi
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov rahbarligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda ichki ishlar organlari faoliyatining muhim yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, mavjud kamchiliklar muhokama etildi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Asosiy masala — Toshkentda mamlakatning asosiy investitsiya platformasi va mintaqadagi eng yirik ishbilarmonlik forumlaridan biri bo‘lgan - Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tishi munosabati bilan poytaxt mehmonlari va ishtirokchilarning xavfsizligini ta’minlash choralari haqida bo‘ldi.
Aytib o‘tish kerakki, mazkur nufuzli tadbirda 99 mamlakatdan jami 8 mingdan ziyod ishtirokchi, jumladan, qariyb 3,1 ming nafar xorijiy mehmon qatnashishi kutilmoqda.

Tadbirga taklif etilganlar orasida xorijiy davlatlar hukumatlari rahbarlari va vakillari, nufuzli xalqaro moliya institutlari, yirik kompaniyalar, investitsiya jamg‘armalari va ishbilarmon doiralar rahbarlari bor.
Shu munosabat bilan, mas’ul rahbarlarning va tadbirga jalb etilgan shaxsiy tarkibning xizmat vazifalari belgilandi hamda xizmatni nazorat qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurashish va uning oldini olish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, Prezidentimizning “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalarning ijro masalasi tahlil qilinib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Shu jumladan, aholining salomatligi va millat genofondiga jiddiy tahdid solayotgan giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish hamda bunga sabab bo‘layotgan uyushgan narkojinoyatchilikka chek qo‘yishga qaratilgan normativ-huquqiy, tezkor-profilaktik va tashkiliy-tarbiyaviy choralarni takomillashtirish yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish holati muhokama qilinib, internet orqali sodir etilayotgan firibgarlik va boshqa turdagi jinoyatlarning oldini olish, ularni fosh etish borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqildi. Bu yo‘nalishda ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qat’iy va kechiktirib bo‘lmas vazifalar belgilab berildi.
Shu bilan birga, joriy yilning iyun oyi dastlabki o‘n kuni mobaynida respublikadagi kriminogen vaziyat hamda sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar muhokama qilinib, ularning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va xizmat intizomini yanada mustahkamlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi hamda ularning ijrosini ta’minlash qat’iy nazoratga olinishi ta’kidlandi.
N.Abduraimova,
O‘zA