Ichimlik va oqova suv tizimi nazoratdami?
Farovon yashashimiz uchun turli xil mahsulotlarga ehtiyojimiz ortayotgan bir paytda ularni ishlab chiqarishga, yetishtirishga ketayotgan suvning ham miqdori ortmoqda. Shu sababdan obi hayotning har bir tomchisini tejab ishlatish bugunning zaruratidir.
Ayniqsa, aholiga sifatli, xavfsiz va yetarli miqdorda ichimlik suvi yetkazib berish dolzarb masalalardan biri. Xo‘sh, bu borada Xorazmda davlat nazorati o‘rnatilganmi?
O‘zA muxbiri ushbu savolga javob topish maqsadida Xorazm viloyat hududiy qurilish va uy- joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi xodimlari tomonidan Yangiariq tumanida o‘tkazilayotgan nazorat tadbirida qatnashdi.
Yangiariq Xorazmning eng kichik tumanlaridan biri bo‘lib, 150 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Ma’lumotlariga ko‘ra, tumanda joriy yilning shu kunigacha bo‘lgan davrida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan hamkorlikda iste’molchilarga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi sifatini o‘rganish bo‘yicha 216 marotaba tahlil namunalari olinib, davlat standarti talablariga javob berishi tekshirilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, ellik oltita holatda ichimlik suvi ta’minoti, oqova suv chiqarish xizmatlarini ko‘rsatish yoki ulardan foydalanishda qoidalariga amal qilinmaganligi tufayli 139 so‘mlik jarima mablag‘lari undirish bo‘yicha dalolatnomalar tuzilgan.
– Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, tumandagi ikkita qozonxona kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha o‘rganildi, – deydi Xorazm viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi shu’ba boshlig‘i Akbar Avezov – Mazkur qozonxonalar 12 ta ko‘p qavatli uy va to‘rtta ijtimoiy ob’ektni issiqlik manbai bilan ta’minlaydi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha ma’muriyatga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Natijada tarmoqlardagi 150 metrlik quvurlar almashtirildi. Aholiga xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilandi.
Bugungi kunda oqova suvlar miqdori yildan-yilga ortib bormoqda. Oqova suv tizimi bu foydalanilgan suvlarni yig‘ish, tozalash va qayta ishlashga mo‘ljallangan muhandislik inshootlari majmuasidir.
[gallery-26567]
– Oqova suv tizimi ikki asosiy qismdan iborat bo‘lib, ichki oqova tizimi – binolardan chiqadigan suvlarni yig‘ish va tashish uchun, tashqi oqova tizimi – bu suvlarni tozalash inshootlariga yetkazish va xavfsiz holatda chiqarish uchun mo‘lajallangan, – deydi Xorazm viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi bosh mutaxassisi Bobur Jumaniyozov. – Oqova suvlar to‘g‘ri yo‘naltirilmasa yoki tizim nosoz bo‘lsa, u orqali infeksiyalar, parazitlar va viruslar tarqaladi. Shuning uchun bu yo‘nalishda ham davlat nazorati o‘rnatilgan. Nazorat tadbirlari davomida ham uchta tadbirkorlik sub’ektida tizimga ortiqcha oqova suv tashlanganligi aniqlandi va o‘n bir yarim million so‘mlik jarimalar belgilandi.
Ma’lumot o‘rnida: hududiy inspeksiyaning taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda joriy yilning o‘tgan yanvar-oktyabr oylarida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan hamkorlikda iste’molchilarga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi sifatini o‘rganish bo‘yicha 1 ming 860 ga yaqin tahlil namunalari olinib, davlat standarti talablariga javob berishi tekshirilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, 411 ta byudjet tashkilotida, ellikdan ortiq turli holatlarda ichimlik suvi ta’minoti, oqova suv chiqarish xizmatlarini ko‘rsatish yoki ulardan foydalanishda qoidalariga amal qilinmaganligi aniqlangan.
Nazorat tadbirlari viloyatning boshqa hududlarida ham davom etmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari