Ibrohim Haqqul faoliyati, ijodi yodga olindi
Shunday ulug‘ kunlarda milliy adabiyotimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan olimlar, adabiyotshunosdar, yozuvchi va shoirlarning aziz xotirasi ijodkor ziyolilarimiz, so‘z san’ati muxlislari tomonidan yodga olinmoqda. Ustoz adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul buyuk shoir bobomiz Alisher Navoiy ijodiga oshiq, haqsevar, xolislik va adolatning tarafdori bo‘lgan zahmatkash ijodkorlardan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida har yili Ibrohim Haqqul ijodiga bag‘ishlangan adabiy konferensiya tashkil etish yaxshi an’anaga aylangan.
Mazkur konferensiya, uning ahamiyati haqida adabiyotshunos olima, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Zulayho Rahmonova quyidagi fikrlarni bildirdi.
–Ustoz adabiyotshunoslarni yod etish, ularning ilmiy faoliyatini chuqur o‘rganish bugungi adabiyotshunoslik taraqqiyotiga, shubhasiz xizmat qiladi. Bunday yondashuv nainki adabiyotshunoslik, balki davr adabiyotining rivojlanishiga ham turtki bo‘lishi aniq. Ularning ijodkor hayoti va asarlarini o‘rganishdagi o‘ziga xos uslubi, badiiy matn tahlili hamda talqinidagi tamoyillarni aniqlash hamisha dolzarb masalalardan hisoblangan.
Shu nuqtai nazardan respublika miqyosida o‘zbek adabiyotshunosligining darg‘asi, yetuk navoiyshunos, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Haqqul tavalludining 76 yilligiga bag‘ishlangan "Ibrohim Haqqul o‘qishlari" 3 - an’anaviy anjumani ham ustozning ijodiga yana bir karra murojaat etish, uning o‘ziga xos jihatlariga e’tiborni qaratish imkonini bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Ma’lumki, ustoz Ibrohim Haqqul adabiyotga, haq so‘zga sodiq qolgan, navoiyshunoslik ilmini mukammal egallagan, bu boradagi bebaho xazinani yosh avlodga beminnat yetkazgan teran ma’naviyatli, Hazrat Alisher Navoiyga, badiiy barkamol kitobga oshiq inson edilar. O‘z davrida olimning “O‘zbek adabiyotida ruboiy” mavzusidagi nomzodlik ishini muvaffaqiyat bilan himoya qilganida, ustoz olimlar ilmga iqtidorli, nozikfahm va teran fikrga bo‘lgan inson kirib kelganini anglagan edilar. Ustoz Ibrohim Haqqulni adabiyotshunos olimlar “Haqiqatning jarchisi va jangchisi” deb e’tirof etadilar.
Anjuman olimning asosiy faoliyati kechgan ulug‘ dargoh O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida filologiya fanlari doktori, professor Maqsud Asadovning ustozning qisqacha tarjimai holi, adabiyotshunoslikdagi yutuqlari haqidagi ma’ruzasi bilan boshlandi. Anjuman bir-biridan qiziqarli ma’ruzalar bilan davom etdi.
Uzoq yillar mobaynida Ibrohim Haqqul bilan birga faoliyat yuritgan Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori, professor Jabbor Eshonqulning olim haqidagi iliq xotiralari, Ibrohim Haqqulning o‘zbek adabiyotshunosligidagi betakror o‘rni, folklorshunoslikdagi izlanishlari xususidagi xulosalari tinglovchilarda qiziqish uyg‘otdi. Ushbu fikrlar taniqli folklorshunos, professor Shomirza Turdimov tomonidan davom ettirildi.
Olim haqidagi samimiy xotiralarni, shubhasiz, tengdoshlari, suhbatdoshlari bildiradi. Bu borada professor B.To‘xliyevning Ibrohim Haqqulning ham olimlik, ham odamiylik fazilatlari haqidagi fikrlari ishtirokchilarni befarq qoldirmadi.
Ammo kutilgan ma’ruzalardan biri Ibrohim Haqqulning birinchi shogirdi bo‘lgan, Xalqaro Yassaviy mukofoti laureati Sayfiddin Sayfullohning nutqi bo‘ldi. I.Haqqulning navoiyshunoslikdagi xizmatlari, hamkorlikda olib borgan faoliyatlari ham ustoz olim haqidagi tasavvurlarni boyitdi.
Ibrohim Haqqulning ko‘plab kitoblariga taqrizchi bo‘lgan, jumladan, “Mushoha yog‘dusi-1” kitobining to‘plovchisi Zamonaviy adabiyot bo‘limi mudiri Ergash Ochilovning xotira ma’ruzalari ham ishtirokchilarni befarq qoldirmadi.
Kamina ham adabiyotshunos olimning yana bir shogirdi sifatida “Zanjirband sher qoshida…” kitobi haqidagi ma’ruzam bilan qatnashdim. Qo‘qon universiteti talabalari va professor-o‘qituvchilari, jumladan, ushbu universitet professori Z.Qobilovaning ustozning Qo‘qon adabiy muhiti haqidagi izlanishlari to‘g‘risidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etishi hammani quvontirdi.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Filologiya va san’at fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlarining ishtiroki anjumanni yanada jonlantirdi. Ayniqsa, mazkur universitet tomonidan tayyorlangan video-xotira Ibrohim Haqqulni sog‘ingan ko‘ngillarga taskin bag‘ishladi.
Anjuman erkin muloqot, savol-javob tarzida bo‘lib o‘tdi. Domlaning hamkasblari, suhbatdoshlari, shogirdlari, muhiblari tomonidan o‘qilgan ma’ruzalar, aytilgan xotiralar Ibrohim Haqqul shaxsiyati, ijodini, shuningdek, adabiyotshunoslik haqiqatlarini anglashda yordam beradi, degan umiddamiz.
Shuni aytish kerakki, Ibrohim Haqqul 1949 yil 28 mart kuni Buxoro viloyati Shofirkon tumani Talija qishlog‘ida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Buxoro davlat pedagogika institutini tamomlab, 1970-1972 yillarda «Shofirkon haqiqati» gazetasida bo‘lim boshlig‘i va muharrir vazifalarida ishlagan. 1972 yildan Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida faoliyat yuritgan.
Ibrohim Haqqul 1976 yil «O‘zbek adabiyotida ruboiy» mavzusida nomzodlik, 1995 yili «O‘zbek tasavvuf she’riyatining shakllanishi va taraqqiyoti» mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Uning «O‘zbek adabiyotida ruboiy» (1981), «Uvaysiy she’riyati» (1982), «Badiiy so‘z shukuhi» (1987), «Zanjirband sher qoshida» (1989), «She’riyat — ruhiy munosabat» (1989), «Abadiyat farzandlari» (1990), «Tasavvuf va she’riyat» (1991), «Kamol et kasbkim…» (1991), «G‘azal sog‘inchi» (1991), «Ijod iqlimi», «Mushohada yog‘dusi», «Navoiyga qaytish» kabi 20 dan ortiq kitoblari nashr etilgan.
Ibrohim Haqqul Abdulhamid Cho‘lponning «Bahorni sog‘indim» (1988), Xoja Ahmad Yassaviyning «Hikmatlar» (1991) majmuasini, Sayfiddin Rafiddinov bilan hamkorlikda «Boqirg‘on kitobi» (1991), «Me’rojnoma» (1995) kabi asarlarni o‘quvchilarga yetkazgan.
N.Usmonova yozib oldi.
O‘zA