Ibratli bilim va kasb maskani
Farg‘ona imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumida bugungi kunda 450 nafar o‘quvchi bilim olib, kasbga o‘rgatilmoqda. 2024-2025 o‘quv yilida maxsus texnikum bitiruvchilaridan 27 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan, 17 nafari davlat tashkilotlariga ishga joylashgan, 16 nafari tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, turli soxalarda o‘z-o‘zini band qilganlar. 2025-yilda kasblar olimpidasida qatnashgan 2 nafar “Tikuvchilik” yo‘nalishi o‘quvchisi va 4 nafar “Raqamli axborotlarni qayta ishlash” yo‘nalishi o‘quvchisi Respublika olimpiadasida 1-o‘rin sohibi bo‘lgan.
Bunday natijalarni har bir texnikum jamoasi orzu qiladi. Bu aslida mazkur o‘quv va kasb markazi uchun ham orzu edi. O‘zbekiston Respublikasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi texnikumni o‘z tasarrufiga olgach, bu yerda 21 milliard so‘m sarflanib, bino- inshootlar mukammal ta’mirlandi, 3 milliard so‘mlik o‘quv va ustaxona jihozlari keltirib o‘rnatildi. Agar ilgari o‘quvchilarga 7 ta yo‘nalishda kasbga o‘rgatilsa, endi uning soni 16 taga yetdi. Texnikumda o‘quvchilarga bilim berish, ular tanlagan kasbga o‘rgatish bilan birga endi tadbirkorlikka yo‘naltirish ham yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun 16 ta kasb sohasi ustasi bo‘lgan tadbirkorlarni hamkor sifatida jalb etdilar.

– Tadbirkorlar kasbiy faoliyat yuritishda uchrashi mumkin bo‘lgan muammolarni va ularni hal etish yo‘llarini ham o‘rgatadilar, – deydi texnikum direktori Ozodaxon Rahmonova. – O‘quvchilar ma’lum malakaga ega bo‘lgach, ularni tadbirkorlar ishga qabul qilishdi. Masalan, 12 ta o‘quvchimiz o‘qishdan so‘ng tikuvchilik bilan shug‘ullanadi. Ular ishga qabul qilindi, tegishli ro‘yxatdan o‘tkazildi. Aslida bu texnikumdagi dual ta’limning o‘ziga xos ko‘rinishidir.

Ta’limni ishlab chiqarish jarayonlari bilan mujassamlashtirish maqsadida “UZSALAMAN” AJ korxonasi bilan tuzilgan hamkorlik shartnomasiga asosan texnikumning “Poyabzal ishi” yo‘nalishi o‘quvchilari amaliyotlarni ishlab chiqarish korxonasida olib borishi tashkil etilgan.
Texnikum o‘quvchisi aytaylik kasbli bo‘ldi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga o‘rgatildi. Ammo unga iqtisodiy bilim, moliyaviy ko‘nikma kerak edi. Shunda texnikum rahbariyati viloyat savdo-sanoat palatasi va bank muassasalariga murojaat qildi.

– Haftada bir marta Savdo- sanoat palatasi va bank vakillari kelib o‘quvchilarga mamlakatimizda yaratilgan imtiyozlar, ulardan foydalanish va qo‘llash yo‘llarini o‘rgatadilar, – deydi texnikum rahbari. – Shu bilan birga o‘quvchilar tayyorlagan loyihalarni bank xodimlari o‘rganib, tahlil qilib bermoqda va kelajakda uni amalga oshirish uchun nimalar qilish kerakligi, qay yo‘sinda kredit mablag‘lari olish mumkinligini tushuntirmoqdalar. Savdo- sanoat palatasi tadbirkorlikka o‘rganayotgan o‘quvchilarimizni bir oy davomida o‘qitib, ularga sertifikat ham beradi. Bu bilan ular tadbirkorlik faoliyati yuritishning huquqiy imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Bugun bilimli va malakali mutaxassis bo‘lishning o‘zi kamlik qiladi. Zamon yoshlari dunyoga chiqishi lozim. Buning uchun esa xorijiy tillarni bilishi zarur.
– Oldimizga o‘quvchilar bitta mutaxassislik, bitta kasb, bitta xorijiy tilni o‘rganadi, degan maqsad qo‘yilgan. Buning uchun o‘quv markazlari biz bilan hamkorlikda ingliz, turk, koreys tillarini o‘qitmoqda, – deydi Ozodaxon Rahmonova.

Farg‘onadagi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumda yana bir noan’anaviy ijtimoiy loyihani amalga oshirishga kirishdilar. Bu yerda “Onalar maktabi” ochildi.
– Asosiy maqsadimiz onalarning ruhiy holati, kechinmalarini o‘rganish, ona va nogiron farzand munosabatlarini tahlil qilish va tegishli choralar ko‘rishdir, – deydi texnikum direktori Ozodaxon Rahmonova. – Onalar farzandlari texnikumni tugallagach nima ishlarni amalga oshirishlari lozimligi haqida maslahatlar beryapmiz. Bizning tarbiyalanuvchi o‘quvchilar uchun ko‘proq harakat, o‘z ustida ishlash va jamiyatning boshqa a’zolari qatori o‘zini erkin- emin his qilishi muhimdir.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/F2-SIt_OfEI?si=Llq2hE3NvksHwxkR" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA