Ibn Sino – Sharq va G‘arb falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida «Ibn Sino – Sharq va G‘arb falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi» mavzusida keng ko‘lamli xalqaro anjuman o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, 2030-yilda buyuk alloma Abu Ali ibn Sino tavalludining 1050-yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlashga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkil etildi.

Mazkur nufuzli tadbir yurtimizda ilmiy merosni chuqur o‘rganish, allomalarimizning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan bebaho hissasini keng targ‘ib etish borasidagi davlat siyosatining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Anjuman doirasida jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomaning boy ma’naviy xazinasi bugungi kun globallashuv va raqamlashuv jarayonlarida ham muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etishi e’tirof etildi.
Konferensiyada O‘zbekiston, Tojikiston, Eron, O‘mon, Misr, Yaponiya, Fransiya va Afg‘oniston kabi davlatlardan yetakchi sharqshunoslar, matnshunoslar hamda tibbiyot sohasida faoliyat olib borayotgan taniqli olimlar ishtirok etdi.

Konferensiya ishida Ibn Sinoning Sharq va G‘arb sivilizatsiyasiga ta’siri, borliq va bilish, makon va zamon hamda Abu Rayhon Beruniy bilan ilmiy yozishmalari chuqur tahlil qilindi. Jumladan, «Tib qonunlari»ning Tehron universitetida saqlanayotgan 1109-1110-yillarga oid qadimiy nusxasi hamda «Kitob ash-shifo»ning yangi izohli o‘zbekcha talqini keng jamoatchilikka taqdim etildi.
Shuningdek, allomaning «Ash-shifo», «Al-Ishorat va at-tanbihot», «Donishnoma» va «Al-hikma al-mashriqiyya» kabi noyob asarlari qo‘lyozma nusxalari asosida elektron kataloglar yaratish hamda raqamli resurslardan foydalanish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Anjumanda Ibn Sino qarashlarini zamonaviy tibbiyot bilan bog‘lash, mahalliy dorivor o‘simliklar asosida innovatsion fitopreparatlar yaratish va «Kitob al-hayvon» asaridagi tibbiy tahlillar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

– Bugungi xalqaro anjuman alloma merosini faqatgina tarixiy nuqtai nazardan emas, balki zamonaviy ilm-fan, innovatsion texnologiyalar va raqamli platformalar uyg‘unligida yangicha talqin qilishda muhim minbar bo‘lib xizmat qilmoqda, – dedi Ibn Sino jamoat fondi boshqaruvi raisi Nozimxon Mahmudov. – Fondimiz oldida turgan asosiy vazifa – Ibn Sinoning jahon sivilizatsiyasi xazinasiga kirgan bebaho asarlarini keng jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash va tibbiyot hamda falsafa sohasidagi yangi izlanishlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.
Darhaqiqat, qayd etilganidek, mazkur xalqaro konferensiya Abu Ali ibn Sinoning boy ilmiy, falsafiy va tibbiy merosini zamonaviy tadqiqotlar hamda raqamli texnologiyalar vositasida yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyatga ega.
Mohigul Qosimova,
O‘zA