Ibn Sino merosi va zamonaviy farmatsevtika
Ibn Sino jamoat fondi boshqaruvi raisi Nozimxon Mahmudov hamda mamlakatimizning yetakchi farmatsevtika tarmoqlaridan biri — «City Pharm» kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida istiqbolli hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor buyuk qomusiy olim Abu Ali ibn Sinoning tibbiy merosini zamonaviy farmatsevtika yutuqlari bilan uyg‘unlashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va tibbiy madaniyatni yuksaltirish masalalariga qaratildi. Muloqot yakunida tomonlar ilmiy va ijtimoiy yo‘nalishlardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldi.
Sharq uyg‘onish davrining buyuk siymosi Ibn Sino o‘zining «Tib qonunlari» asari bilan nafaqat o‘z davri, balki asrlar davomida jahon tibbiyoti va farmakologiyasi rivojiga poydevor qo‘ygan. Ta’kidlash joizki, alloma o‘z tadqiqotlarida kasalliklarni davolashdan ko‘ra, ularning oldini olishga, inson organizmining ichki kuchini tabiiy vositalar bilan tiklashga alohida urg‘u bergan. Hozirgi kunda butun dunyoda kimyoviy dori vositalaridan ko‘ra, tabiiy va fito-mahsulotlarga bo‘lgan talab ortib borayotgan bir paytda, Ibn Sino tabobatining ahamiyati yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Uchrashuvda aynan mana shu yo‘nalishdagi eng muhim tadbirlardan biri — yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan «Abu Ali ibn Sino va zamonaviy farmatsevtikada innovatsiyalar» mavzusidagi IX Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya muhokama markazida bo‘ldi. Anjumanda «City Pharm» kompaniyasining yetakchi mutaxassislari va olimlari faol ishtirok etishi kutilmoqda. Bu esa tarixiy tibbiy bilimlarni zamonaviy innovatsion texnologiyalar yordamida ishlab chiqarishga tatbiq etish uchun qulay maydon yaratadi.
Dorixonalarda «Ibn Sino burchaklari» va ijtimoiy loyihalar muzokaralar davomida ikki tomonlama munosabatlarni rasmiylashtirish maqsadida yaqin fursatlarda hamkorlik memorandumini imzolashga kelishildi. Hujjat doirasida aholi salomatligiga bevosita daxldor bo‘lgan qator amaliy islohotlar ko‘zda tutilgan.
– Jumladan, «City Pharm» dorixonalar tarmog‘ida ushbu nom ostida maxsus sog‘lomlashtirish burchaklari tashkil etiladi. Bu yerda xaridorlar alloma tavsiya etgan giyohlar va tabiiy mahsulotlar bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi, – deydi N.Mahmudov. – Tabiiy dori vositalarining inson organizmi uchun foydasi, kasalliklarning oldini olishdagi samaradorligi haqida doimiy ravishda tibbiy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib boriladi. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va tibbiy madaniyatni oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar ishlab chiqiladi. Inson salomatligini muhofaza qilishda tabiiy va sertifikatlangan mahsulotlarning ustuvorligi, ularning hamyonbopligi hamda samaradorligini targ‘ib qilish rejasi yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu hamkorlik tarixiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda ularni bugungi kun ehtiyojlariga moslashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Mazkur tashabbus yurtimizda farmatsevtika sohasini mahalliy xomashyo va boy milliy tajriba asosida rivojlantirishga, eng muhimi, xalqimizga sifatli, tabiiy va arzon shifo vositalarini yetkazib berish orqali millat genofondini sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA