I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: Yangi O‘zbekistonning yangi qadami
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini belgilayotgan muhim omillardan biri – mamlakatimiz tomonidan ilgari surilayotgan ma’rifat, bag‘rikenglik va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot g‘oyalaridir.
Ana shu ezgu tamoyillarning amaliy ifodasi sifatida 7–11-iyul kunlari mamlakatimizda o‘tkazilgan Birinchi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami hayotida muhim voqeaga aylandi.

Besh kun davom etgan forum Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida yirik ilmiy-ma’rifiy muloqot maydoniga aylandi. Unda ellikdan ortiq mamlakatdan vazirlar, muftiylar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, akademiklar, muzey va arxiv direktorlari, qo‘lyozmashunos olimlar, universitetlar rektorlari hamda madaniy meros sohasi mutaxassislari ishtirok etdi. Forum kun tartibiga kiritilgan masalalar islom sivilizatsiyasi tarixini o‘rganish bilangina cheklanmadi. Unda ilm-fan, ta’lim, raqamli texnologiyalar, madaniy merosni asrash, qo‘lyozmalarni restavratsiya qilish, islomofobiyaga qarshi ma’rifat orqali kurashish, yoshlar tarbiyasi va gumanitar diplomatiya kabi dolzarb mavzular atroflicha muhokama qilindi.
Mazkur forum Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘nggi yillarda xalqaro maydonda ilgari surayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasining mantiqiy davomi sifatida baholanmoqda. Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida ilgari surgan ushbu tashabbusi bugun nafaqat O‘zbekiston, balki ko‘plab mamlakatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan global gumanitar chaqiriqqa aylangan.
Islom sivilizatsiyasi markazi – global muloqot maydoni
Forumning ochilish marosimi 7-iyul kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tdi. O‘z me’moriy qiyofasi, zamonaviy texnologiyalari va boy ilmiy konsepsiyasi bilan dunyo olimlarini hayratga solayotgan mazkur majmua forumning ramziy markaziga aylandi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaati o‘qib eshittirildi. Unda islom sivilizatsiyasi insoniyat tarixida ilm-fan, tibbiyot, astronomiya, falsafa, adabiyot va madaniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgani, bu merosni xolisona o‘rganish va keng targ‘ib etish bugungi kunda yanada dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

–O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi ushbu anjumanning yuksak maqomi, uning mamlakatimiz va xalqaro hamjamiyat uchun nechog‘lik muhim ekanini yana bir bor namoyon etdi, – dedi Uzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxolikov. – Davlatimiz rahbarining ma’rifat, diniy bag‘rikenglik va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga qaratilgan ezgu g‘oyalari barchamiz uchun muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Prezident murojaatida ta’kidlanganidek, bugungi kunda islom dinini zo‘ravonlik bilan bog‘lashga urinayotgan kuchlarga eng munosib javob – haqiqiy islom sivilizatsiyasining ma’rifatparvarlik mohiyatini jahonga ko‘rsatishdir. Shu bois O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha yirik loyihalar, jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari aynan shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.
Dunyo olimlari e’tirofi
Forumning birinchi kuniyoq xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdilar.
ICESCO bosh direktori doktor Salim Al-Malik o‘z chiqishida shunday dedi:
“O‘zbekiston bugun islom sivilizatsiyasining boy merosini saqlash va uni kelajak avlodlarga yetkazish borasida butun musulmon olami uchun namuna bo‘layotgan davlatga aylandi. Bu yerda tarix faqat saqlanmayapti, balki qayta jonlantirilmoqda”.
Uning ta’kidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markazi oddiy muzey yoki ilmiy muassasa emas, balki turli xalqlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi global intellektual platforma bo‘lib xizmat qiladi.

TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev esa forumni “turkiy va islom dunyosi gumanitar hamkorligining yangi bosqichi” deb baholab, quyidagilarni ta’kidladi:
“Samarqand, Buxoro, Termiz va Toshkent kabi shaharlar insoniyat sivilizatsiyasi tarixida muhim o‘rin tutadi. Bugun O‘zbekiston ana shu buyuk merosni zamonaviy ilm-fan bilan uyg‘unlashtirayotgan mamlakat sifatida namoyon bo‘lmoqda”.
Xorijlik mehmonlarning aksariyati Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etilayotgan qo‘lyozmalar, noyob Qur’on nusxalari, interaktiv ekspozitsiyalar va zamonaviy muzey texnologiyalari katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.
Forumning birinchi kunida o‘tkazilgan plenar majlislarda islom sivilizatsiyasining jahon taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, buyuk muhaddislar va mutafakkirlar merosi, madaniy diplomatiya, diniy bag‘rikenglik, ilm-fan hamda raqamli texnologiyalarning o‘zaro uyg‘unligi kabi mavzular keng muhokama qilindi.
Mutaxassislar bir fikrda yakdil bo‘ldilar: XXI asrda islom sivilizatsiyasini anglash tarixni o‘rganish bilangina cheklanmasligi kerak. U inson qadri, ma’rifat, ilm-fan, tinchlik va o‘zaro hurmat kabi umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qilishi lozim.

Shu ma’noda, Birinchi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi gumanitar tashabbuslarini yanada mustahkamladi va mamlakatimizning jahon ilm-fani hamda madaniy muloqot markazlaridan biri sifatidagi o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.
Bu esa forumning ilk kunidanoq uning oddiy ilmiy anjuman emas, balki Yangi O‘zbekistonning ma’rifat, ilm-fan va sivilizatsiyalar muloqotiga asoslangan tashqi siyosatining amaliy ifodasi ekanini ko‘rsatdi.
Buyuk allomalar merosi – zamonaviy ilm-fan nigohida
Birinchi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining eng muhim xususiyatlaridan biri shunda bo‘ldiki, u faqat Toshkentdagi yalpi plenar yig‘ilishlar bilan cheklanib qolmadi. Forumning keyingi kunlarida Samarqand va Termiz shaharlarida buyuk muhaddislar va mutafakkirlar ilmiy merosiga bag‘ishlangan nufuzli konferensiyalar o‘tkazildi. Bu esa anjumanning amaliy va ilmiy ahamiyatini yanada oshirdi.
Forum doirasida Samarqand shahrida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi hududida tashkil etilgan “Al-Jome’ as-sahih – Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada dunyoning yetakchi muhaddislari, islomshunoslari va qo‘lyozmashunos olimlari ishtirok etdi.

Ma’ruzalarda buyuk muhaddisning hadislarni saralash uslubi, “Al-Jome’ as-sahih” asarining qo‘lyozma an’analari, uning jahon sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni hamda zamonaviy islomshunoslikdagi ahamiyati atroflicha tahlil qilindi. Forum doirasida ushbu asarning yangi akademik nashrlari va ilmiy loyihalar ham taqdim etildi.
Samarqandda bo‘lib o‘tgan yana bir muhim anjuman Imom Moturidiy ilmiy merosiga bag‘ishlandi. Konferensiyada moturidiylik ta’limotining bag‘rikenglik, aql va naql uyg‘unligi, diniy murosasozlik hamda ekstremizmga qarshi ma’rifiy kurashdagi ahamiyati haqida fikr almashildi.
Turkiya, Misr, Marokash, Saudiya Arabistoni, Buyuk Britaniya, Hindiston va boshqa davlatlardan kelgan olimlar Imom Moturidiy ta’limoti bugungi global xavf-xatarlarga qarshi ma’rifiy immunitetni shakllantirishda muhim nazariy asos bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladilar.
Forumning navbatdagi manzili Termiz shahri bo‘ldi. Bu yerda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Termiz davlat universiteti hamkorligida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada Imom Termiziyning hadis ilmi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, Hakim Termiziyning tasavvuf ta’limoti, Termiz ilm maktabining islom sivilizatsiyasidagi o‘rni atroflicha muhokama qilindi.
Sho‘’ba yig‘inlarida qo‘lyozmalarni saqlash va raqamlashtirish, arxeologik merosni muhofaza qilish, ilmiy nashrlar tayyorlash, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Forum ishtirokchilari Hakim Termiziy maqbarasi, Sulton Saodat majmuasi va boshqa ziyoratgohlarga tashrif buyurib, O‘zbekistonda tarixiy merosni asrash va obodonlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan tanishdilar.
Amaliy natijalarga yo‘naltirilgan forum
Anjumanning yana bir muhim jihati shunda bo‘ldiki, u nazariy muhokamalar bilan cheklanib qolmadi.
Forum doirasida muzeylar, arxivlar, universitetlar, ilmiy-tadqiqot markazlari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida qator memorandumlar imzolandi.
Xususan, ICESCO hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida Xalqaro Imom Buxoriy mukofotини ta’sis etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur mukofot islom sivilizatsiyasini o‘rganish, qo‘lyozmalarni saqlash, hadisshunoslik, madaniy merosni targ‘ib qilish va bag‘rikenglik g‘oyalarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan olimlar hamda muassasalarga berilishi belgilandi.
Shuningdek, forum davomida qo‘lyozmalarning yagona raqamli bazasini shakllantirish, islom sivilizatsiyasiga oid elektron kutubxona yaratish, xalqaro ensiklopediya tayyorlash, yosh tadqiqotchilar forumini tashkil etish, Islom sivilizatsiyasi muzeylari xalqaro uyushmasini tuzish kabi qator strategik tashabbuslar ilgari surildi.

Mutaxassislarning fikricha, ushbu tashabbuslar amalga oshirilsa, O‘zbekiston yaqin yillarda islom sivilizatsiyasi bo‘yicha xalqaro ilmiy hamkorlikning eng muhim markazlaridan biriga aylanishi mumkin.
Samarqand va Termizdagi muhokamalar shuni ko‘rsatdiki, Birinchi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi tarix haqida xotiralarni yangilash bilan cheklanib qolmadi. U yangi ilmiy loyihalar, qo‘shma tadqiqotlar va uzoq muddatli xalqaro hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Birinchi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining eng muhim natijalari uning yopilish marosimida qabul qilingan hujjatlarda o‘z ifodasini topdi. Bir necha kun davom etgan muhokamalar, ilmiy bahslar va uchrashuvlar yakunida ishtirokchilar tomonidan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga maxsus Murojaat yo‘llandi.
Toshkent deklaratsiyasida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va ma’naviy merosini asrab-avaylash, uning haqiqiy insonparvarlik mohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, yosh avlodni ilm-fan va ma’rifat ruhida tarbiyalash, ekstremizm va islomofobiyaga qarshi kurashda ma’rifatni eng ta’sirchan vosita sifatida qo‘llash kabi ustuvor vazifalar belgilandi. Shuningdek, qo‘lyozmalarni saqlash, restavratsiya qilish, raqamlashtirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar tashkil etish va xalqaro akademik hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha aniq tashabbuslar ilgari surildi.
Forum ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llangan Murojaat alohida tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Unda davlat rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur forum islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish va targ‘ib qilish sohasida xalqaro hamkorlikning yangi davrini boshlab bergani qayd etildi.
Murojaatda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Prezidentining yuksak iroda va donishmandlik, tarix, bugungi kun va kelajakni yaxlit bir jarayon sifatida ko‘ra olish salohiyati mahsuli bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat jahon darajasidagi zamonaviy ilmiy-ma’rifiy majmuaga, ayni vaqtda ushbu noyob jarayon tarkibidagi bebaho merosni o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun turli davlatlar, xalqaro tashkilotlar, yetakchi olimlar, ilmiy muassasalar, universitetlar, kutubxonalar, muzeylar va ma’naviy-ma’rifiy markazlarni birlashtiradigan nufuzli muloqot maydoniga aylanib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Aminmizki, yaqin yillarda bu maskan gumanitar ilm-fan sohasidagi yetakchi xalqaro markazlar qatoridan munosib o‘rin egallaydi hamda yangi g‘oyalar, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va uzoq muddatli xalqaro loyihalar shakllanadigan yirik madaniy-ma’rifiy va ta’lim platformasiga aylanadi.
O‘zbekiston Respublikasida ma’naviy, ilmiy va madaniy merosni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bizda katta taassurot qoldirdi. Islom sivilizatsiyasi markazi, yangilangan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti kabi noyob muassasalar tarixiy xotirani saqlash, fundamental ilm-fanni rivojlantirish hamda xalqaro gumanitar hamkorlikni mustahkamlash borasida olib borilayotgan izchil davlat siyosatining amaldagi yorqin ifodasidir.
Forum ishtirokchilari Prezidentga samimiy minnatdorlik bildirib, mazkur anjumanni muntazam o‘tkazish taklifini ham qo‘llab-quvvatladilar.
Ilmiy diplomatiyaning yangi modeli
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatida iqtisodiy va siyosiy diplomatiya bilan bir qatorda gumanitar diplomatiya ham ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.
Birinchi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi aynan shu siyosatning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Anjuman davomida o‘nlab davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan yangi hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Muzeylar, arxivlar, kutubxonalar va universitetlar o‘rtasida imzolangan memorandumlar kelgusi yillarda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Mutaxassislar fikricha, forumning eng katta yutug‘i shundaki, u islom sivilizatsiyasini faqat tarix ob’ekti sifatida emas, balki bugungi global taraqqiyotning muhim ma’naviy manbai sifatida namoyon qildi.
Darhaqiqat, bugun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimiz nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun musulmon dunyosi uchun ilmiy-ma’rifiy markazlardan biriga aylanib bormoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy memorial majmuasi, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, yuzlab qo‘lyozmalarning restavratsiya qilinishi, noyob asarlarning Vatanga qaytarilishi, xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar va raqamlashtirish loyihalari buning yaqqol isbotidir.
Forum davomida xorijlik olimlar tomonidan ham aynan shu jihat alohida e’tirof etildi. Ular O‘zbekistonni boy tarixiy merosga ega mamlakat sifatidagina emas, balki uni ilmiy asosda o‘rganish va butun insoniyat manfaati yo‘lida targ‘ib qilayotgan davlat sifatida baholadilar.
Rustam JABBOROV,
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
O‘zA