I Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi boshlandi
Toshkentda I Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi o‘z ishini boshladi. Forum doirasida O‘zbekiston va Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi (FISU) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bugun, 29-sentabr kuni Toshkent shahrida boshlangan xalqaro forumning birinchi kunida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov FISU hamda Osiyo universitetlar sporti federatsiyasi (AUSF) rahbariyati vakillari bilan uchrashdi.
Muloqotda FISU prezidenti Leons Eder, Xalqaro universitet sporti federatsiyasi bosh kotibi o‘rinbosari Fernando Silva Parente, Markaziy Osiyo talabalar sporti federatsiyasi prezidenti Qayrat Qayratulinovich, Mo‘g‘uliston talabalar sporti federatsiyasi bosh kotibi Jargalsayxan Dorjsuren hamda O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda talabalar sportini rivojlantirish, yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish, universitetlar sporti sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda forumni yuqori saviyada o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.


Shuningdek, O‘zbekistonda talabalar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan «Universiada», «Talabalar ligasi», «Besh tashabbus olimpiadasi», «Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi» va «Talaba-yugur» kabi sport musobaqalarining ahamiyati qayd etildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi (FISU) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat talabalar sportini rivojlantirish, xalqaro tajriba almashish va universitetlar sporti sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
I Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi 2-oktabrga qadar davom etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA