Huquqshunoslar malakasini oshirishda Singapur tajribasi o‘rganiladi
Adliya vaziri Akbar Toshqulov boshchiligidagi delegatsiya Singapur Huquqiy ta’lim instituti rahbariyati bilan uchrashdi.
Mazkur institut Singapurda advokatlik kasbiga kirish imtihonlari, huquqshunoslarning uzluksiz kasbiy rivojlanishi hamda yuridik ta’lim standartlarini belgilash bo‘yicha mas’ul tuzilma hisoblanadi.

Uchrashuvda huquqshunoslarning malakasini oshirish va uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimini takomillashtirish, malaka talablari va kasbiy standartlarni ishlab chiqish bo‘yicha Singapur tajribasini o‘rganish, yuridik ta’limda amaliyotga yo‘naltirilgan va xalqaro talablarga mos yondashuvlarni milliy tizimga joriy etish yo‘nalishlarida hamkorlik qilish masalalari kelishib olindi.

Maqsad – O‘zbekistonda huquqshunoslarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini muntazam rivojlantirish, kasbiy tayyorgarlikning zamonaviy va shaffof tizimini shakllantirish.
N.Abduraimova, O‘zA