Huquqni muhofaza qilish akademiyasining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari xalqaro e’tirofga ega bo‘ldi
Huquqni muhofaza qilish akademiyasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy va xalqaro standartlarga mos bo‘lgan, korrupsiya tahdidlariga barqaror tura oladigan tizim joriy etildi.
Akademiyada korrupsiyaga qarshi kurashishning kompleks tizimi joriy etilib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki siyosat, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, davlat xaridlarida shaffoflikni oshirish va boshqa shu kabi yo‘nalishlardagi 10 dan ortiq ichki idoraviy hujjat qabul qilindi.

Akademiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida “CERT International” tashkiloti tomonidan ISO 37001:2025 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” xalqaro standarti bo‘yicha auditdan o‘tkazildi va muvofiqlik sertifikati berildi.
Sertifikat topshirish marosimida Prezident Administratsiyasi komplayens xizmati, Bosh prokuratura, Oliy Majlis, Hisob palatasi, Yoshlar parlamenti vakillari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, talabalari, doktorantlari, shuningdek Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Akademiyaga taqdim etilgan xalqaro sertifikat tizimda korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi samarali joriy etilgani, barcha jarayonlar shaffoflik, halollik va hisobdorlik tamoyillari asosida tashkil etilganini hamda xalqaro talablarga to‘liq javob berishini tasdiqlaydi.
ISO 37001:2025 sertifikati Akademiyada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi. Xodimlarda halollik va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni mustahkamlaydi. Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va uni samarali boshqarish mexanizmlarini kuchaytiradi. Xalqaro hamkorlar ishonchini oshiradi hamda ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatida zamonaviy komplayens talablarini joriy etish imkonini beradi.

Tadbir davomida Akademiyada prokuratura organlarining Shaxsiy xavfsizlik tarmoqlari xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan “Komplayens xizmatini tashkil etish va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari” mavzusidagi maxsus malaka oshirish o‘quv kursi tinglovchilariga sertifikatlar topshirildi.
N.Abduraimova, O‘zA