“Huquq burchak”lari uchun kitoblar taqdim etildi
Bugungi kunda yurtimizda inson qadri ulug‘lanib, amalga oshirilayotgan islohotlar ular uchun xizmat qilmoqda.
Navoiy viloyat “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi Navoiy shahridagi umumta’lim maktablari, litsey, texnikumlar hamda oliy ta’lim muassasalarida inson huquq va erkinliklariga amal qilinishini ta’minlash, kun qahramonlari obrazlarini yaratish, o‘quvlar-yoshlar o‘rtasida Yangi tahrirdagi Konstitutsiya mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirib kelmoqda.


– “Inson qadrini ulug‘lash – farovon yurt poydevori” loyihasi doirasida Navoiy shahridagi 4 ta umumta’lim maktabi 9-11 sinf xonalarida maxsus “Huquq burchak”larini tashkil etdi, – deydi markaz rahbari Gulhayo Ravshanova. – Bundan tashqari 26 nafar ko‘ngilli yoshdan iborat “Huquq targ‘ibotchilari” guruhi tuzildi. Shahardagi 12 ta umumta’lim maktabi o‘rtasida “Siz qonunni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovlari o‘tkazilmoqda.


Yaqinda ushbu markaz tomonidan yana bir ezgu ishga qo‘l urildi. Viloyat “Madadkor” yoshlar markazi, “Qizlar ovozi” hamda “Qizlarjon” klublari hamkorligida Navoiy shahridagi 22-umumta’lim maktabining “Huquq burchagi”ga kitoblar jamlanmasi taqdim etilib, targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.


– Yoshlar o‘rtasida huquqiy targ‘ibot tadbirlarini ko‘proq o‘tkazish ularda huquqiy madaniyatni yanada oshirishga sabab bo‘ladi, – deydi maktab direktori Feruza Fayziyeva. – Maktabga taqdim etilgan bugungi kitoblar jamlanmalari o‘quvchi-yoshlarimizning kelajagi uchun juda muhim bo‘lib, ezgulikka xizmat qiladi, deb ishonaman.
Navoiy viloyat “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazining ezgu ishlarga yo‘g‘rilgan loyihasi davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri