Hunari borning imkoniyati bor
Har bir insonning qalbida o‘z iqtidorini namoyon etish, mehnati orqali daromad topish va oilasi farovonligiga munosib hissa qo‘shish istagi yashaydi. Ayniqsa, xotin-qizlar uchun kasb egallash nafaqat bandlik, balki iqtisodiy mustaqillik, o‘z kuchiga ishonch va ertangi kunga mustahkam zamin demakdir.
Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi "Beshkubi" qishloq fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan uchrashuv ham ana shu ezgu maqsadga qaratildi. "Elegant" o‘quv markazi vakillari ishtirokida tashkil etilgan muloqotda ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularning bandligini ta’minlash hamda daromad topish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda, ayniqsa, kasb tanlashda insonning qiziqishi, qobiliyati va mavjud imkoniyatlarini hisobga olish muhimligiga e’tibor qaratildi. Zero, muayyan hunarni egallashning o‘zi kifoya emas , uni amaliyotda qo‘llash, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish va barqaror daromad manbaini yaratish ham zarur. Shu ma’noda, kasbga o‘qitish bilan bir qatorda, uning bandlikka olib boruvchi aniq yo‘llarini belgilash ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Muloqot davomida kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan fuqarolarni davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan kasb-hunarga o‘qitish imkoniyatlari, o‘quv kurslarida ishtirok etish tartibi va kasbiy ko‘nikmalarni egallash masalalari tushuntirildi. Bu esa imkoniyatdan foydalanish istagida bo‘lgan xotin-qizlar uchun mavjud ko‘mak mexanizmlari haqida zarur ma’lumot olish imkonini berdi.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlar Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-martdagi "Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan vazifalar bilan hamohangdir. Hujjatda kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zolarining bandligini rag‘batlantirish va tadbirkorlikka jalb etishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari nazarda tutilgan. Zomindagi uchrashuvda kasb-hunarga o‘qitish imkoniyatlari yuzasidan berilgan tushuntirishlar mazkur yo‘nalishdagi vazifalarni mahalla darajasida amalga oshirishning ahamiyatini ko‘rsatadi.
Albatta, bunday muloqotlarning samarasi ularning davomiyligi va amaliy natijalari bilan belgilanadi. Kasb o‘rganishga bel bog‘lagan har bir xotin-qiz uchun munosib ta’lim imkoniyatini yaratish, egallangan ko‘nikmalarni ishga solishga ko‘maklashish va bandlik natijalarini kuzatib borish muhimdir. Ana shunda o‘quv kursi faqat bilim olish bosqichi bo‘lib qolmay, yangi daromad manbai sari tashlangan ishonchli qadamga aylanadi.

Zero, xotin-qizlarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish – oilalar farovonligini mustahkamlash, mahalla iqtisodiy faolligini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishning muhim omillaridan biri. Zomindagi uchrashuvning ahamiyati ham shunda: insonga imkoniyat eshigini ko‘rsatish bilan birga, uning o‘z mehnati orqali munosib hayot sari intilishiga yo‘l ochish demakdir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri