Humoyun va Polina Yevropa turnirlarida ishtirok etmoqda
Tennis bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoasi vakillari Humoyun Sultonov va Polina Kudermetova shu kunlarda Yevropa qit’asida o‘tayotgan nufuzli turnirlarda ishtirok etmoqda.
Jumladan, Vengriyada M15 tasnifiga kiruvchi “Marso Open – 2026” xalqaro turnirida Humoyun Sultonov yakkalik bahslari asosiy to‘rining birinchi davrasida bugun mezbonlar vakili Adam Jilliga qarshi kortga chiqadi. Agar ushbu o‘yinda muvaffaqiyatga erisha olsa, chorak final ostonasida germaniyalik Shtefan Zayfert va Luka Videnmann uchrashuvi g‘olibi bilan raqobatlashadi.
London shahrida tennis bo‘yicha WTA 500 tasnifiga kiruvchi, mukofot jamg‘armasi 1 million 915 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi musobaqada Polina Kudermetova saralash bahslaridan o‘tdi.
Endi Polina asosiy to‘rning ilk bosqichida chexiyalik Mari Buzkovaga qarshi kortga chiqadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA