"Hult Prize" xalqaro startap tanlovi milliy bosqichi o‘tkazildi
Poytaxtimizdagi Xalqaro Vestminster universitetida “Hult Prize-2026” xalqaro startap tanlovining milliy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Markaziy Osiyoda birinchi marta tashkil etilgan tadbir O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligi va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim platformalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Mazkur bosqichda respublikamizning turli hududidan saralangan iqtidorli talabalar jamoalari ishtirok etdi. Dastur doirasida startap loyihalar taqdimoti, ekspertlar baholash jarayonlari hamda turli qiziqarli uchrashuvlar tashkil qilindi.
Loyihalar biznes, investitsiya va innovatsiyalar sohasidagi mutaxassislardan iborat ekspertlar hay’ati tomonidan baholandi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, “Fonus kids” jamoasi “Hult Prize Global Accelerator” bosqichida O‘zbekiston nomidan ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Qayd etish joiz, “Hult Prize” xalqaro ta’lim va tadbirkorlik platformasi bo‘lib, u talabalarni global ijtimoiy va iqtisodiy muammolarga innovatsion hamda ijtimoiy yo‘naltirilgan biznes yechim ishlab chiqishga jalb etadi. Tanlov ishtirokchilari xalqaro ekspertlar bilan ishlash, mentorlik dasturida qatnashish va investitsion imkoniyatdan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
D.Hakimov, O‘zA