Hukumat oʻz vazifasini bajarmoqda. Menchi...?
Ey, men... 2020-yil. Ushbu yilni katta xursandchilik bilan kutib olayotganda uning mashaqqatli va sinovli kelishini oʻylab koʻrganmiding?!
Ey, men... 2020-yil. Ushbu yilni katta xursandchilik bilan kutib olayotganda uning mashaqqatli va sinovli kelishini oʻylab koʻrganmiding?!
Ey, men... Koronavirus degan balo Xitoyda ilk bor aniqlanganda uni ostonanggacha yetib kelishini tasavvur qilganmiding?!
Ey, men... Til, din, millat tanlamaydigan ushbu virusga qarshi kurashish boʻyicha mamlakatingda naqadar mashaqqatli va tezkor tadbirlar amalga oshirilayotganidan xabardormisan?!
Ey, men... Odamzodni bir kunda “qamal”da qoldirishga erishgan koronavirus bugun yoningda kimga yopishishini bilmay, garangsib yurganini sezmayapsanmi?!
Ey, men... Bilki, bu jangda yo sen, yo u gʻolib boʻladi. Agarda, hukumatning aytganiga quloq tutib, qatʼiy amal qilsang, imkoniyat koʻproq sen tomonda. Avvalo bu Yaratganga ayon.
Ey, men... Ana shu balodan oʻz xalqini asrash uchun Prezidenting ming oʻy bilan tunlarni bedor oʻtkazayotgandir. Hukumat tomonidan milliardlab dollarlar sarflanayotganini eshitayotgandirsan?!
Ey, men... Bu pullar mening salomatligim oldida bir chaqa dersan?! Ammo unutmaki, bu pullar yaxshi ishlar, katta loyihalarga ham sarflanishi mumkin edi!
Ey, men... Hukumat sening ana shu aziz joning omon qolishi uchun qaygʻurayotgan bir paytda sen nega unga beparvosan? Goʻyo, daydi oʻq seni nishonga olmaydi.
Ey, men... Bot-bot takrorlanishiga qaramasdan hali ham kibr tuningdan voz kechmayapsan! Mayshatu-ishrat, nafs degan hukmdoring qarshisida shunchalar ojizmisan?!
Ey, men... Hukumat uyda qol, koʻchaga chiqma! Sen uchun sharoit yaratib beraman, deyayotgan bir paytda qoʻni-qoʻshnilar bilan gap-gashtakdan tiyilmayapsan. Toʻy qilish, tugʻilgan kun oʻtkazish kabi havasing hamon ustunlik qilmoqda!
Ey, men... Qirq minginchi dovondan oshding karantin qoidasini buzish boʻyicha. Hukumating eshiging tagiga oziq-ovqatingni keltirib berayotgan bir paytda yolgʻon xabarlar bilan uni chalgʻitishga urinding!
Ey, men... Sinovli, mashaqqatli boʻlishiga qaramay farzanding masofadan taʼlim olmoqda. Maoshing ushlab qolinmadi.
Ey, men... Fikr qil! Sendan talab nima? Uyda qol, ota-onangni, farzanding va yoringni, yaqinlaringni ehtiyot qil! Bu Vatan, bu millatga sen hali keraksan.!!!
Ilhom SATTOROV,
jurnalist