Hujjatsiz uylar hujjatli bo‘lmoqda: xatlovlar mulkiy huquqlarni ta’minlamoqda
Qashqadaryo viloyatida o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha xatlov ishlari natijasida minglab fuqarolarning ko‘chmas mulkka oid muammolari hal etilmoqda.
Ilgari xatlovga shubha bilan qaragan ayrim aholi vakillari bugun o‘z uylariga qonuniy hujjatlar rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni asosida 2024-yil 8-noyabrda xatlov ishlari boshlangan edi. Mazkur qonun belgilangan talablarga mos keladigan yer uchastkalari, ulardagi bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish orqali yillar davomida hujjatsiz qolgan ko‘chmas mulk masalalarini qonuniy hal qilishga xizmat qilmoqda.
Dastlab ayrim fuqarolar xatlov o‘tkazish uchun kelgan mutaxassislarga ishonchsizlik bilan qaragan, uyiga kiritish yoki hujjatlarini ko‘rsatishga ikkilangan. Shu bois aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilib, uchrashuvlar, tadbirlar va sayyor qabullarda qonunning mazmun-mohiyati hamda beriladigan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Vaqt o‘tishi bilan aholining munosabati ham o‘zgardi. Uyiga bo‘lgan huquqi e’tirof etilib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish imkoniga ega bo‘lgan fuqarolar jarayonning amaliy ahamiyatini his qila boshladi.
– Dastlab ayrim fuqarolar xatlov o‘tkazish uchun borganimizda bizni uyiga kiritmas, hujjatlarini ko‘rsatishga ham ikkilanardi. Biz esa ularga jarayonning maqsadi va qonunning afzalliklarini tushuntirardik. Endilikda aholi bizni to‘g‘ri tushunmoqda. Ba’zan mahalla vakillarining o‘zlari qo‘ng‘iroq qilib, “Bizning mahallaga qachon kelasizlar?” deb so‘rashadi. Fuqarolarning munosabati o‘zgarib, ishonch ortib borayotgani quvonarli, – deydi xatlov jarayonlarida ishtirok etayotgan kadastr muhandisi Sayfullo Haqqulov.

Xatlov ishlariga 200 nafarga yaqin kadastr xodimi jalb etilgan bo‘lib, jarayonlar hududlarda bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.
Bugungi kunga qadar xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining tegishli qarorlari asosida 26 ming 651 nafar fuqaroning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari e’tirof etilgan.
Bu natija faqat kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bilan cheklanmaydi. Qonunchilikda belgilangan tartibda huquqlar e’tirof etilib, zarur hujjatlar rasmiylashtirilgach, fuqaro o‘z mulkini qonuniy tasarruf etish, sotish, hadya qilish yoki farzandlariga meros qilib qoldirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, tegishli talablarga muvofiq, mulkdan kredit ta’minoti sifatida foydalanish imkoniyati ham yuzaga kelishi mumkin.
Chiroqchi tumanida yashovchi faxriy fuqaro Bo‘ri Begmatovning hayotiy tajribasi xatlovning aholi uchun ahamiyatini yaqqol ko‘rsatadi.
U uzoq vaqt davomida uyiga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishga harakat qilgan. Asosiy maqsadi esa uyini farzandlariga qonuniy ravishda qoldirish, kelajakda ular o‘rtasida mulk bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishining oldini olish edi. Biroq egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar yo‘qligi sababli bu masalani hal qilish oson kechmagan.
– Uyimni farzandlarimga bo‘lib berishni, kelajakda ular o‘rtasida muammo bo‘lmasligini istardim. Shu maqsadda notariusga ham, kadastr idorasiga ham ko‘p bordim. Ammo uyga egalik hujjatim bo‘lmagani uchun masalani hal qila olmasdim. Xatlov o‘tkazilgach, uyim 2018-yildan oldin qurilgani va qonunda belgilangan talablarga mos kelgani sababli menga egalik huquqi e’tirof etildi, kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi. Shundan so‘ng notariusga borib, uyimni farzandimga meros qilib qoldirish masalasini hal qildim. Endi ko‘nglim xotirjam, – deydi Bo‘ri Begmatov.
Uning misolida mulkka oid hujjatlarni rasmiylashtirish nafaqat bugungi muammoni hal etishi, balki oila kelajagi uchun ham muhim ekanini ko‘rish mumkin. Qonuniy rasmiylashtirilgan mulk vorislik masalalarini belgilangan tartibda hal qilishga va kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarning oldini olishga yordam beradi.
Qashqadaryo viloyatida xatlov ishlarini davom ettirish bo‘yicha ham rejalar ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, 2027-yilda viloyatdagi 483 ta mahallada xatlov o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Bu hali ko‘chmas mulkka oid huquqlarini rasmiylashtirishga ehtiyoji bo‘lgan fuqarolar bilan ishlash davom etishini anglatadi. Bunda aholiga jarayonning qonuniy asoslarini tushuntirish, murojaatlarni o‘rganish va belgilangan talablarga mos keladigan mulklarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Xatlovning natijasini faqat raqamlar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Uning ortida yillar davomida uyini hujjatlashtira olmagan, mulkini farzandlariga qoldirishni istagan yoki undan qonuniy foydalanish imkoniyatini kutgan minglab insonlarning hayotiy masalalari turibdi.
Bir paytlar xatlovdan xavotirlangan fuqarolarning bugun mutaxassislarni o‘z mahallasiga taklif qilayotgani esa aholi ishonchi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, mulkiy huquqlarni qonuniy tartibda e’tirof etish orqali fuqarolarning o‘z mulkiga egalik qilish va uni tasarruf etish imkoniyatlari kengaymoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri