Hududlardagi murojaatlar nega o‘z vaqtida hal etilmayapti?
Bugungi kunda mamlakatimizda energiya resurslaridan samarali foydalanish, noqonuniy sarflanish holatlarining oldini olish hamda iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish davlat nazoratining muhim talablaridan. Shunga ko‘ra, sohadagi tizimli nazoratni kuchaytirish, murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish va profilaktik chora-tadbirlarni takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida bugun “O‘zenergoinspeksiya” boshlig‘i Dadajon Isaqulov rahbarligida yig‘ilish o‘tkazilib, belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi va sohadagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilish avvalida hududlarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar samaradorligi hamda tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish holati tanqidiy tahlil qilindi. Shu jarayonda ayrim hududiy boshqarmalar tomonidan murojaatlarni o‘z vaqtida o‘rganmaslik, masalalarni cho‘zish va yetarli darajada e’tibor qaratmaslik holatlari qayd etildi.
Dadajon Isaqulov qayd etganidek, mazkur holatlarga jiddiy e’tibor qaratilib, murojaatlar bilan ishlashdagi mas’uliyatni oshirish zarur.
– Har bir murojaat ortida real muammo va inson manfaati turadi. Shuning uchun ularni ko‘rib chiqishda kechikishga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Hududiy bo‘g‘inlarda intizom va mas’uliyat kuchaymas ekan, natija ham bo‘lmaydi. Shu sababli, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish, iste’molchilar o‘rtasida resurslarni tejash madaniyatini shakllantirishga qaratilgan profilaktik targ‘ibot ishlarini kuchaytirish hamda energiya auditi ishlarini samarali tashkil etish muhim, – dedi u.
Shuningdek, tadbirda energetika ob’ektlarida ekspluatatsiya ishlarini tizimli tashkil etish, ularni doimiy ravishda o‘rganish va monitoring qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar chog‘ida inspeksiyaning nazorat-kimyo laboratoriyalari faoliyati ham muhokama qilinib, iste’molchilarga yetkazib berilayotgan neft mahsulotlari sifati ustidan nazoratni yanada kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bundan tashqari, sohada korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunida hududiy boshqarmalar mas’ullarining hisobotlari eshitilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda davlat nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA