Hududlarda tadbirkorlar faoliyati o‘rganilmoqda
Shu kunlarda respublikamiz bo‘ylab Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan hududlarda tadbirkorlik sub’ektlari bilan joyiga chiqqan holda uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Tadbirkorlar takliflari va muammolari tinglanmoqda, muammolari o‘rganilib, takliflar ishlab chiqilmoqda.
Xususan, Biznes-ombudsman devoni xodimlari Jizzax shahrida aholiga yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi “Begali trans servis” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jamiyat tomonidan bugungi kunda 80 ta “Isuzu” yo‘lovchi tashish avtobusi qatnovi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aholiga sifatli transport xizmati ko‘rsatib kelinmoqda. Jamiyat tomonidan transport xizmati, aholiga yo‘lovchi tashish xizmatini rivojlantirish maqsadida Xitoy davlatidagi hamkorlar bilan 60 dona zamonaviy Asia Star yo‘lovchi tashish avtobusini keltirish yuzasidan import shartnomalari imzolangan. Loyiha amalga oshirilishi natijasida qo‘shimcha 120 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi, aholiga sifatli transport xizmati ko‘rsatilishiga hamda jamiyatning tadbirkorlik faoliyati yanada rivojlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Biznes-ombudsman devoni xodimlari Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “Sulton styles” UK faoliyati bilan tanishdi. Korxona 2022 yil 31 yanvar kuni ishga tushirilgan bo‘lib, 560 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 5 million dollarni tashkil etadi. Joriy yilda 2 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.
Shu bilan birga, Jizzax shahar “Jizzax” EIZ ishtirokchisi “IRUSKON” MCHJ tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “DEYA” brendi ostida qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishildi.

Xususan, jamiyat 6,2 gektar yer maydonida joylashgan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 160 milliard so‘mni tashkil etadi. Loyihani amalga oshirishdan asosiy maqsad, ichki bozorni arzon va sifatli qandolat, shokolad mahsulotlari bilan to‘ldirish, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi qandolat, shokolad mahsulotlari ishlab chiqarishdan iborat.

Korxona 2022 yilning 8 oktyabr kuni faoliyatini to‘liq boshlagan bo‘lib, yiliga 40 mlrd. so‘m foyda olish rejalashtirilgan.
Korxonada yiliga 12 ming tonna (qiymati 50 mln. dollar) qandolat va shokolad mahsulotlari ishlab chiqarilishi, mahsulotlarning 25 foizi Rossiya, Turkiya, Mo‘g‘uliston, Xitoy va MDH davlatlariga eksport qilinishi yo‘lga qo‘yilgan.
Jamiyat tomonidan 350 nafar doimiy ish o‘rini yaratilgan bo‘lib, jamiyat rahbari S.Ortiqovning ma’lum qilishicha joriy yilda 10 mlrd. so‘m foyda olish kutilmoqda.
Shuningdek, korxona rahbari bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida korxonaning sud masalalarida muammolari mavjudligi bildirildi.
Ushbu bildirilgan muammolar vakil devoni xodimlari tomonidan qonuniy yechimi bo‘yicha ijroga qaratildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA