Hududlarda infratuzilmani rivojlantirishga oid parlament so‘rovi natijalari qanday bajarildi?
Senat yalpi majlisida hududlarda infratuzilmani rivojlantirish va qurilishlarni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qabil Tursunov parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi.
“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim yaratilgan.

Ushbu tizim Adliya vazirligining “Notarius”, Ichki ishlar vazirligining “E-maʼmuriy ish”, Oliy sudning “Adolat”, Kadastr agentligining “UzKad” axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan.
Noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish bo‘yicha sudlarga inson omilisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtomatik tarzda da’vo kiritish mumkin. Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslar ham onlayn rejimda “Ogoh fuqaro” platformasi orqali vakolatli organga xabar berishi mumkin.

Davlat arxitektura nazorati departamenti hamda tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari xodimlari tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish huquqini olish uchun attestatsiyadan o‘tkazilgan hamda maxsus guvohnomaga ega.
So‘rovda ko‘tarilgan masalalarning ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 22 sentyabrdagi tegishli qarori qabul qilingan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi zimmasiga buyurtmachining texnik nazorati va loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini hamda pudrat tashkiloti ichki nazorat tizimining ishlashi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish va monitoring qilish vazifasi yuklatilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-sonli qarori bilan tasdiqlangan 6 ma’muriy reglamentga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Jumladan, arxitektura rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ob’ektni ro‘yxatdan o‘tkazish va qurilish-montaj ishlari tugallangan ob’ektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish vazifalari belgilangan.
Arxitektura-shaharsozlik kengashlarining faoliyati raqamlashtirilib, qurilishga doir loyiha-smeta hujjatlarini “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali kelishish tartibi joriy etilgan.
Senatorlar amalga oshirilgan shu kabi ishlardan tashqari o‘z yechimini kutayotgan masalalar borligiga ham e’tibor qaratdi.
Xususan, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish loyihasining texnik-iqtisodiy asosini tasdiqlash ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Shuningdek, buyurtmachi hokimliklar bo‘lgan loyihalarda o‘zlashtirish hajmi 2,5 trillion so‘m yoki umumiy limitga nisbatan 87,1 foizni tashkil etgan. Jumladan, Xorazm (63,5 foiz), Toshkent (71,7 foiz) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (73,3 foiz) past ko‘rsatkichlar qayd etilgan.
Ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda bu borada parlament nazoratini olib borishga qaratilgan Senat qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA