Hududlararo hamkorlik: yangi imkoniyatlar muhokamasi
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, ayniqsa sanoat, agrosanoat, logistika va investitsiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Dastlab elchi O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlab, davlat rahbarlari tomonidan olib borilayotgan ochiq va o‘zaro ishonchga asoslangan siyosat hududlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini alohida qayd etdi.
Muloqot davomida qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish va yetkazib berish, agrosanoat majmuasini rivojlantirish, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish sohalarida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Viloyat rahbari aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda mazkur yo‘nalishlar muhim o‘rin tutishi, Belarus esa bu borada katta tajribaga egaligini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, tibbiy uskunalar ishlab chiqarish, logistika markazlari va ombor infratuzilmasini tashkil etish kabi istiqbolli yo‘nalishlar ham muhokama qilindi.
Belarusning Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlari va logistika jihatdan qulay joylashuvi bu sohada o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun muhim omil sifatida qayd etildi.

Belarus tomoni O‘zbekiston mahsulotlariga, ayniqsa, sarxil meva va sabzavotlarga Yevropa bozorlarida qiziqish yuqori ekanini qayd etdi. Italiya bozorida o‘zbek pomidorlariga talab ortib borayotgani misol tariqasida keltirildi.
Uchrashuvda mehnat migratsiyasi, xorijda ishlayotgan fuqarolarning til bilishi va kasbiy tayyorgarligi bilan bog‘liq masalalar ham ko‘tarildi. Tomonlar mehnat migrantlarini tayyorlash, ularni kasbga o‘qitish va ijtimoiy moslashuvini ta’minlash muhim ekanini ta’kidladilar.

Shuningdek, joriy yilning 6–8-iyul kunlari Belarus Respublikasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston – Belarus hududlararo hamkorlik forumiga tayyorgarlik masalalari ham o‘rtaga tashlandi. Shu bilan birga, tog‘-kon sanoati sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi.
Yakunda tomonlar hamkorlikni aniq loyihalar asosida tashkil etish, ishchi guruhlar tuzish va kelgusidagi tashriflarga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha kelishib oldi.
A. Musayev, O‘zA.