Hududlar oʻrtasida va energetika sohasida yangi davr
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor “Oʻzbekiston – Rossiya” hududlararo hamkorlik forumi tashkil etildi. “Oʻzekspomarkaz”da boʻlib oʻtgan forumda Rossiya hududlari, yetakchi kompaniya va sanoat korxonalari rahbarlari – jami mingdan ziyod kishi ishtirok etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor “Oʻzbekiston – Rossiya” hududlararo hamkorlik forumi tashkil etildi. “Oʻzekspomarkaz”da boʻlib oʻtgan forumda Rossiya hududlari, yetakchi kompaniya va sanoat korxonalari rahbarlari – jami mingdan ziyod kishi ishtirok etdi.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ushbu forumga tashrif buyurdi.
Biz strategik sherigimiz va ittifoqdoshimiz – Rossiya Federatsiyasi bilan barqaror va ishonchli munosabatlarimizni yuksak qadrlaymiz. Ushbu forumning yuqori nufuzi va yuksak darajada tashkil etilgani ikki tomon ham hamkorlikdan manfaatdor ekani, bu borada ulkan salohiyat mavjudligining yana bir yorqin tasdigʻidir, dedi davlatimiz rahbari.
Oʻzbekiston va Rossiya hududlararo aloqalarga muhim ahamiyat qaratmoqda. Keyingi paytda bu yanada faollashdi. Oʻzaro 40 dan ortiq tashrif uyushtirildi. Sentyabr-oktyabr oylarining oʻzida Oʻzbekistonning 14 hududi rahbarlari Rossiyaning 26 subyektida boʻlib qaytdi. Buning natijasida mahsulot yetkazib berish uchun yangi bozorlarga yoʻl ochildi, ish oʻrinlari yaratildi, aholi uchun qoʻshimcha daromad manbai paydo boʻldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev hamkorlikning aniq yoʻnalishlarini aynan hududlar rahbarlari va tadbirkorlar belgilashini taʼkidladi. Yuqori texnologiyali qoʻshma korxonalar tashkil etish, xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish va uchinchi mamlakatlar bozorini oʻzlashtirish uchun kooperatsiyani kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Hududlar oʻrtasidagi koʻp qirrali aloqalar ikki tomonlama munosabatlarning eng muhim boʻgʻinidir. Shu sababli Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu forumni Toshkentda va aynan shu tashrif doirasida oʻtkazish tashabbusini mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatladik, dedi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin.
Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Rossiyaning Ivanovo viloyati kompaniyalari ishtirokida mamlakatimizda qoʻshma toʻqimachilik klasterlari, Moskva bozorlariga meva-sabzavot yetkazib berish uchun Surxondaryo viloyatida zamonaviy agromajmua, Sverdlovsk viloyati bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatida yengil va ogʻir metall konstruksiyalar zavodi, tataristonlik sheriklar bilan birgalikda Toshkent viloyatida kimyoviy oʻgʻitlar va Qoraqalpogʻistonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berishda Moskva, Boshqirdiston, Orenburg va Rossiyaning boshqa subyektlaridagi ulgurji-taqsimot markazlari infratuzilmasidan foydalanish rejalashtirilmoqda. Bunday loyihalar juda koʻp.
Eng muhimi, ikki mamlakat hududlari oʻrtasida mustahkam va uzoq muddatli sheriklik munosabatlari qaror topdi.
Forumda ishbilarmonlar oʻrtasidagi hamkorlikning amaliy masalalari, aniq loyiha va dasturlar muhokama qilindi. Ularning natijasida umumiy qiymati 2 milliard dollarlik kelishuv va shartnomalar imzolandi.
Prezidentimiz Hududlararo hamkorlik forumini har yili oʻtkazish taklifini ilgari surdi.
Rossiya Prezidenti Hududlararo forum har yili oʻtkazilishi mamlakatlarimiz oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshishi, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy, gumanitar aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
“Oʻzekspomarkaz”da mamlakatimizdagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasining boshlanishiga bagʻishlangan tantanali marosim ham boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ramziy tugmani bosib, ushbu yirik loyihaga start berdi.
Tadbirni videoaloqa orqali kuzatib turgan “Oʻzatom” agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi mutaxassislari Oʻzbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi qurilish maydonini tanlash uchun muhandislik tadqiqotlari boshlanganini eʼlon qildi.
Bugun biz Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikning yangi strategik yoʻnalishi – atom energetikasini rivojlantirishga qoʻl urmoqdamiz. Ushbu loyiha mamlakatimiz iqtisodiyotida yangi tarmoqni vujudga keltiradi. Bu sanoat salohiyatini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qiladi, dedi davlatimiz rahbari.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish uchun Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Xorijiy loyihalar soni va koʻlami boʻyicha jahonda birinchi oʻrinda turadigan – 12 mamlakatda 34 ta energoblok bunyod etgan “Rosatom” korporatsiyasi bilan Oʻzbekistonda atom elektr stansiyasi qurish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Ushbu stansiya har biri 1 ming 200 megavatt quvvatga ega ikkita, “3+“ avlodiga mansub eng zamonaviy va xavfsiz energiya blokidan iborat boʻladi. Ular Xalqaro atom energiyasi agentligining barcha xavfsizlik talablariga javob beradi.
Atom energiyasi ekologik toza boʻlib, bunday stansiyalar is gazi hosil qilmaydi. Atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi natijasida katta miqdorda tabiiy gaz iqtisod qilinadi, atmosferaga karbonad angidrid chiqarilishi yiliga 14 million tonnagacha, azot oksidlari chiqarilishi 36 ming tonnaga kamayadi.
Oʻzbekiston Xalqaro atom energiyasi agentligiga aʼzo davlat sifatida oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarga muvofiq yadroviy xavfsizlik masalalariga katta eʼtibor qaratmoqda. Ushbu loyihani amalga oshirishda AES qurilishi boʻyicha barcha xalqaro talablarga qatʼiy rioya qilinadi.
Xalqaro atom energiyasi agentligi mutaxassislari Oʻzbekistonning Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish milliy dasturini amalga oshirish boʻyicha tashabbusini qoʻllab-quvvatladi va uni roʻyobga chiqarishda har tomonlama koʻmaklashishga tayyor ekanini bildirdi.
Avval erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Toshkentda “Moskva muhandislik-fizika instituti“ milliy tadqiqot yadro universiteti“ filialini ochishga oid qaror qabul qilindi. Kelasi oʻquv yilida ushbu filial ilk talabalarni qabul qiladi.
Joriy oʻquv yilidan boshlab 30 nafar oʻzbekistonlik talaba Moskvadagi ushbu nufuzli oliy bilim yurtida taʼlim olmoqda. Uni bitirgach, talabalarimiz yuqori malakali mutaxassis boʻlib yetishadi va atom elektr stansiyasining xavfsiz ishlashini taʼminlaydi.