Hududiy investitsiya dasturlari – amalda
Toshkent viloyati Piskent tumanida joriy yil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida umumiy qiymati 128,1 milliard so‘mlik 11 ta loyiha amalga oshirilishi, 660 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Shundan 2022 yil may holatiga umumiy qiymati 78,3 milliard so‘mlik 4 ta loyiha amalga oshirildi. 175 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Masalan, birgina “MARK FORMELLE IT” MCHJ tomonidan 76,3 milliard so‘mlik tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha bugungi kunda 100 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. Dasturda belgilangan loyihalardan tashqari, tumanning “Kultepa” mahallasi hududida qo‘shimcha yangi loyiha amalga oshirilmoqda. 2022 yil 4-chorak yakuni bilan "FUTURE PAINTS PLANT" MCHJ tomonidan 10 gektar yer maydonida qiymati 20 million dollarlik mis katodini qayta ishlash korxonasi ishga tushiriladi. Uning ilk bosqichida 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Tumanda eksport prognozi 2022 yilda 5,9 million dollar qilib belgilangan. Jumladan, 11 ta eksportyor korxona tomonidan 8 turdagi (kimyoviy moddalar, jun, inkubator jo‘ja, trikotaj, qishloq xo‘jaligi va boshqa turdagi) mahsulotlarni Afg‘oniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Xitoy kabi 6 ta davlatga eksport qilish rejalashtirilgan. Joriy yil may oyi holatiga 92 foiz mahsulotlar chetga sotilgan. Bu boradagi ishlar samarali davom etyapti. Hududimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan. Shu sababli ichki imkoniyatlarimizdan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratganmiz. Bu jarayonda tadbirkorlarimiz ham faollik ko‘rsatmoqda.
A.Manayev,
Piskent tumani hokimi o‘rinbosari,
Investitsiya va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i
O‘zA