Hozirda yillik aylanmasi 500 milliard so‘mdan oshgan yosh tadbirkorlar soni 15 nafarga yetdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
–Yurtimizda odamlarni ishli qilib, yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga xizmat qilayotgan eng asosiy qatlam, bu – tadbirkorlar.
Ularning orasida bilimli va tashabbuskor yoshlarimiz bor ekan, bizni hech kim hech qachon rivojlanishdan to‘xtata olmaydi, – dedi Prezidentimiz.
Hozirda yillik aylanmasi 500 milliard so‘mdan oshgan yosh tadbirkorlar soni 15 nafarga, 100 milliard so‘mdan oshgani 194 nafarga, 50 milliard so‘mlik marradan o‘tganlari esa 68 nafarga yetgani ta’kidlandi.
Endilikda yoshlarni muvaffaqiyatli biznes sari yetaklaydigan yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Bank-moliya akademiyasi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha “aql markazi” sifatida belgilanadi. Bundan buyon akademiya tinglovchilari hududlarda yoshlar va tadbirkorlar bilan uchrashadi va tayyor biznes loyihalarni shakllantiradi.
Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi tayyor loyihani biznes rejasi bilan qulay shartda yoshlarga taklif qiladi. Jamg‘arma yoshlarning yuqori daromad keltirib, ko‘plab ish o‘rni yaratadigan loyihalariga 5 milliard so‘mgacha investitsiya kiritadi.
Eng yaxshi loyihalar akademiya tinglovchilarining magistrlik dissertatsiyasi sifatida qabul qilinadi. Bunday loyiha mualliflari hududiy bank rahbari va hokimlarning iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlariga eng birinchi nomzod bo‘ladi.
Ushbu tizim kamida 300 ming yoshga o‘z biznesini boshlashi uchun yo‘l ochadi.
O‘zA