Hosil taqdiri hal bo‘ladigan palla
"G‘alla — 26"
Jizzax dalalarida bugungi kunda faqat g‘alla emas, vaqt bilan ham poyga ketmoqda. Har bir soat, har bir kun, har bir texnikaning uzluksiz ishlashi mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi, fermer manfaati va iqtisodiy barqarorlik bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois viloyatda g‘alla o‘rim-yig‘imiga mutlaqo yangicha yondashuv qaror topmoqda.
Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda g‘alla o‘rim-yig‘imiga tayyorgarlik, don o‘rish kombaynlari faoliyatini GPS texnologiyalari hamda kuzatuv kameralari orqali masofadan turib nazorat qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Mazkur tashabbuslar mamlakatimizda agrar sohani raqamlashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-avgustda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi sohasiga ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida belgilangan vazifalarning amaldagi ifodasi sifatida ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur hujjatda qishloq xo‘jaligini zamonaviy axborot tizimlari asosida boshqarish, sohada shaffoflik va samaradorlikni oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Yig‘ilishda keltirilgan raqamlar keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini yaqqol ko‘rsatdi. So‘nggi ikki yil mobaynida paxtachilik va g‘allachilikda tizimli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Zamonaviy texnikalar xarid qilindi, agrotexnologik yondashuvlar yangilandi, suv ta’minoti yaxshilandi, yuqori hosilli navlar keng joriy etildi.
Natijada bir vaqtlar 2017-yilda 45 sentnerni tashkil etgan g‘alla hosildorligi ayrim hududlarda 90 sentnergacha yetdi. Ayrim ilg‘or fermerlar esa har gektardan 100 sentnerdan ortiq don yetishtirishga erishdi. Bu raqamlar shunchaki statistika emas, balki yerga mehr, ilmga tayangan yondashuv va islohotlarning amaliy natijasidir.

Biroq har qanday yutuq yangi mas’uliyatni ham yuklaydi. Erishilgan marrani saqlab qolish va yanada yuksaltirish uchun mavjud imkoniyatlardan nechog‘lik samarali foydalanilayotgani bugungi kunning asosiy savoli bo‘lib turibdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sohadagi eng dolzarb masalalardan biri o‘rim ishlarining kechikishi hisoblanadi. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, g‘alla o‘rimi 15 kunga kechikkan taqdirda kamida 84 ming tonna hosil yoki qariyb 269 milliard so‘mlik mahsulot yo‘qotilishi mumkin. Bu esa nafaqat fermer daromadiga, balki davlat byudjeti tushumlariga, takroriy ekinlar taqdiriga va kelgusi yil hosiliga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Afsuski, avvalgi yillarda ayrim hududlarda takroriy ekinlarni kech ekish yoki umuman ekilmay qoldirish holatlari kuzatilgan. Natijada yuz minglab tonna mahsulot boy berilgan. Endi esa har bir qarich yer va har bir qulay agrotexnik muddatdan unumli foydalanish davr talabi bo‘lib qolmoqda.

Yig‘ilishda muhokama qilingan yana bir muhim masala — sohada uchrayotgan “yashirin iqtisodiyot” ko‘rinishlari bo‘ldi. Tahlillarda ayrim holatlarda yoqilg‘i sarfi bilan bog‘liq suiiste’molchilik, hisobotlarda aks ettirilmagan g‘alla hajmlari, kombaynlar ish vaqtidan samarasiz foydalanish hamda norasmiy kelishuvlar kuzatilgani qayd etildi.
Bunday holatlar iqtisodiy zarar bilan cheklanib qolmaydi. Eng avvalo, sohada qaror topayotgan shaffoflik muhitiga putur yetkazadi. Qolaversa, hisobotlarda aks etmay qolgan mahsulot davlat byudjetiga tushishi lozim bo‘lgan mablag‘larning qisqarishiga, texnika uchun ajratilgan kredit va lizing to‘lovlarining o‘z vaqtida qaytarilmasligiga olib kelishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, joriy yildan boshlab kombaynlarni GPS texnologiyalari va kuzatuv kameralari orqali onlayn nazorat qilish tizimining yo‘lga qo‘yilayotgani sohadagi muhim yangiliklardan biri bo‘lmoqda. Yangi tizim har bir texnikaning harakatini real vaqt rejimida kuzatish, ish samaradorligini aniq baholash, yoqilg‘i sarfini nazorat qilish, o‘rilgan maydonlar va yig‘ib olingan hosil hajmini monitoring qilish imkonini beradi.

Eng muhimi, raqamli nazorat inson omili tufayli kelib chiqadigan xatolarni kamaytirishga xizmat qiladi. Biroq texnologiyaning qiymati uni o‘rnatish bilan emas, undan samarali foydalanish bilan o‘lchanadi. Agar monitoring natijalari asosida tezkor choralar ko‘rilmasa, eng zamonaviy tizim ham kutilgan natijani bermaydi.
Yig‘ilishda kelgusi yillar uchun ham ustuvor vazifalar belgilab olindi. Tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini kengaytirish, yangi texnikalar parklarini shakllantirish, shudgorsiz ekish usullarini joriy etish, fermer xo‘jaliklarida qo‘shimcha chorvachilik yo‘nalishlarini tashkil etish shular jumlasidandir.
Biroq bugungi kundagi eng muhim vazifa — mavjud imkoniyatlarning barchasini to‘liq ishga solishdir. Zero, har bir kechikkan kun, har bir bekor turgan kombayn, har bir nazoratsiz qolgan jarayon va har bir hisobotdan chetda qolgan tonna hosil — bu viloyat iqtisodiyoti uchun boy berilgan imkoniyatdir.
G‘alla o‘rimi hal qiluvchi bosqichga kirib kelgan bu kunlarda uyushqoqlik, intizom, raqamli nazorat va shaffoflik har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki daladan omborgacha bo‘lgan har bir bosqichdagi aniq hisob va qat’iy nazorat bu yilgi hosil taqdirini belgilab beradi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri