"Hosil bayrami" keng nishonlandi
Guliston shahridagi “Muhtasham” tantanalar majmuasida “Hosil bayrami” munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda viloyatning barcha hududlaridan kelgan tajribali dehqon va fermerlar, qishloq xo‘jaligi tashkilotlari vakillari hamda soha faxriylari ishtirok etishdi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov so‘zga chiqib, soha xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi. O‘tayotgan yil qishloq xo‘jaligi uchun samarali bo‘lganini ta’kidlar ekan, dehqon va fermerlarning izchil mehnati, ilg‘or agrotexnologiyalar hamda ilmiy yondashuvlar qo‘llanilishi natijasida salmoqli natijalarga erishilganini qayd etdi. Shuningdek, yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari aholi farovonligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Mirishkor dehqon va fermerlar, suv xo‘jaligi xodimlari hamda agrosanoat sohasi mutaxassislarining birdam mehnati tufayli viloyatda donchilik, sabzavotchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik va pillachilik yo‘nalishlarida barqaror ko‘rsatkichlarga erishilgani e’tirof etildi. Ayniqsa, paxtachilik sohasida amalga oshirilgan islohotlar, klaster tizimi hamda zamonaviy agrotexnologiyalar yuqori samara bermoqda.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan investitsiya loyihalari izchil amalga oshirilib, qishloq joylarda yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, infratuzilma yaxshilanib, aholi bandligi ta’minlanmoqda. Kelgusi yilda ham sohani yanada rivojlantirish, innovatsion yechimlar va ilmiy yondashuvlarni keng joriy etish ustuvor vazifalardan ekani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq, bir guruh qishloq xo‘jaligi xodimlari yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, ko‘p yillik samarali mehnati va ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki bilan ajralib turgan bir qator soha vakillariga Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni, Sirdaryo viloyati hokimligining Faxriy yorliqlari hamda “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishonlari topshirildi.
Paxtachilikda yuqori natijalarga erishgan fermer Asatullo Berdiqulov qimmatbaho sovg‘a — avtomashina bilan mukofotlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri