Holatni prokuratura o‘rganmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanidagi 48-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida 9-sinfgacha tahsil olgan va hozirgi kunda 1-sonli texnikum o‘quvchisi bo‘lgan J.Rahmanbergenovning onasi murojaati yuzasidanQoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi munosabat bildirdi.
Unda qayd etilishicha, go‘yoki J.Rahmanbergenovning so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlarida ishtirokiga maktab sinf rahbari qarshilik qilgan. Natijada J.Rahmanbergenov uyida o‘z joniga qasd qilishga uringan.
Beruniy tumani hokimligi, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, “Sarkop” ovul fuqarolar yig‘ini, maktab ota-onalar kengashi mas’ullari hamda inspektor psixolog tomonidan masala o‘rganildi. J.Rahmanbergenovga tuman tibbiyot birlashmasida tibbiy yordam ko‘rsatilgan va hozir uning umumiy ahvoli yaxshi.
2025-2026 o‘quv yilida 48-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabini 81 nafar o‘quvchi bitirmoqda. Ular bilan suhbat jarayonida holat yuzasidan to‘liq ma’lumot olindi.
Shuningdek, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi ma’muriyati tomonidan so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlarida turli yig‘imlarga va ortiqcha dabdabali holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbarlari ogohlantirilgan va tegishli tushuntirishlar o‘tkazilgan.
Hozir mazkur holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri