Hokimlik kompensatsiya to‘laydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – Biznes-ombudsman tomonidan yana bir huquqbuzarlik bartaraf etildi.
Ombudsman ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilotga ko‘plab tadbirkor va fermer xo‘jaliklari rahbarlaridan ularning yer maydonlari noqonuniy olib qo‘yilganligi to‘g‘risida murojaatlar kelib tushmoqda.
Shulardan biri –poytaxtimizdagi “Lux” MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) mulk huquqlari buzilganligidan norozi bo‘lib murojaat qildi.
Aniqlanishicha, hokimning qarori bilan yer maydoni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olinganligi natijasida tadbirkorga tegishli 87 kvadrat metrlik savdo do‘koni buzilgan. Ushbu mulk mustaqil baholovchi korxona tomonidan qariyb 4 milliard so‘mga baholangan.
Shuningdek, tadbirkor tomonidan kompensatsiyani to‘lab berish to‘g‘risidagi murojaat Toshkent shahar hokimligiga yuborilganligiga qaramay, kompensatsiya to‘lanmagan.
Biznes-ombudsman tomonidan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritilgan da’vo ariza natijasida Toshkent shahar hokimligiga “Lux” MCHJga qariyb 4 milliard so‘m kompensatsiya to‘lab berish vazifasi yuklatildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA