Hokim yordamchilari – xalq orasida
FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq faoliyati yo‘lga qo‘yilgan hokim yordamchilari o‘zi biriktirilgan mahallaning rivojlanishi uchun tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
Hokim yordamchilarining faoliyati natijasida mahallalarda ishsizlik sezilarli kamayib, kambag‘allik holati anchayin qisqarmoqda. Bunga misol tariqasida, Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi Jo‘yjangal hamda Surxon sohili mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hokim yordamchilarining erishgan natijalarini keltirish mumkin.
– “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da turadigan, qolaversa, o‘zining g‘oyasiga ega bo‘lgan shaxslar bilan suhbatlashib, ularga kredit olishda yordam beramiz, - deydi “Jo‘yjangal” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan hokim yordamchisi Shokir Safarbuvayev. – Hunar o‘rganish maqsadida bo‘lgan bir qancha xotin-qizga esa o‘zlari qiziqqan sohalarda o‘qish, izlanish sharoitini yaratib berdik.
[gallery-9105]
Shuningdek, Shokir Safarbuvayev o‘zi mas’ul bo‘lgan hududda qo‘lida hunari bor xotin-qizlarga shaxsiy tikuv sexlari ochishda yaqindan yordam berdi.
–Hokim yordamchisi ko‘magi bilan tikuv sexi ochdik, - deydi fuqarolardan biri Umida Alimova. – 3 nafar shogirdim bilan bolalar bog‘chasi uchun choyshablar tikyapmiz. Kelgusida faoliyatimizni kengaytirish niyatidamiz.
Surxon sohili mahallasida ish olib borayotgan hokim yordamchisi Zafar To‘ranazarov ham fuqarolarning kundalik hayotini yaxshilash maqsadida hududda zarur barcha xizmat turlarini yaratish uchun tunu kun xizmatda. Mahallaning har bir a’zosi bilan yaqindan munosabat o‘rnatib, har birining yashash sharoitidan xabardor. Kimni nima muammo qiynayotganini juda yaxshi biladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV olgan surat), O‘zA