Hokim yordamchilari test sinovidan o‘tmoqda
Andijon davlat universitetida mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish boshlagan hokim yordamchilari onlayn test sinovidan o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida viloyatdagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida 887 nafar hokim yordamchisi o‘z faoliyatini boshladi.
Joriy yil 20-28 dekabr kunlari hokim yordamchilari uchun qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, xususan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sektor rahbarlari bilan birgalikda har bir mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilash, xonadonbay ro‘yxat asosida mahalla kesimida haqiqiy ijtimoiy vaziyatni aniqlash, oyma-oy amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, mahallaning «o‘sish nuqtasi»dan kelib chiqib, yetakchi tadbirkorlar bilan hamkorlikda taklif etayotgan yangi loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish, mahallalarda aholining kundalik ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan xizmat turlarini rivojlantirish, aholini, birinchi navbatda ishsiz yoshlar va ayollarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda ularning bandligini ta’minlash ishlarini tashkil etish yuzasidan tushuncha va malakalarini boyitish bo‘yicha amaliy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
[gallery-5284]
Davlat test markazi viloyat bo‘limi tomonidan hokim yordamchilarining amaliy mashg‘ulotda qay darajada bilim va ko‘nikma olganliklari sinovdan o‘tkazildi.
– O‘quv-amaliy mashg‘ulotlarda juda ko‘p masalalar bo‘yicha zarur bilimlar oldik, – deydi Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Namuna mahalla fuqarolar yig‘ida ish olib boruvchi hokim yordamchisi Hosilbek G‘ofurov. – Qolaversa, olgan bilimlarimizni test sinovlari orqali sinovdan o‘tkazdik. Bu kelgusida faoliyatimizni tashkil etish va samarali olib borishda bizga yaqindan yordam beradi.
Davlat test markazi viloyat bo‘limi tomonidan onlayn test sinovlari viloyatdagi 4 ta oliy ta’lim muassasalarining axborot resurs markazlarida tashkil etildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA