Hokim yordamchilari malaka oshirmoqda
Jizzax viloyatida mahallalarda joriy etilgan hokim yordamchilari uchun 5 kunlik o‘quv seminari o‘tkazilmoqda.
O‘quv seminari maxsus o‘quv dasturi asosida o‘kazilmoqda. Unda joylarda hokim yordamchilarining “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash mexanizmi asosida o‘z ish faoliyatini tashkil etishi uchun zarur bo‘lgan mavzular qamrab olingan.
Jizzax viloyatidagi 299 ta mahalla fuqarolari yig‘inida tashkil etilgan hokim yordamchilari uchun Jizzax politexnika instituti va Jizzax davlat pedagogika univesitetida malakali trenerlar tomonidan nazariy bilimlar berilib, amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tilmoqda.
“Hokim yordamchisi” eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) va karera modeli” mavzusida o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotida ishtirokchilarga hokim yordamchilari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) tizimi asosida baholash mexanizmlari, ko‘rsatkichlarni hisoblash tartibi, xalqaro tajriba, samaradorlik va natijadorlikka erishishning ustuvor jihatlari va mavzu yuzasidan keys tahlillar asosida joriy etiladigan tizim bo‘yicha batafsil tushuntirish berildi.
[gallery-4797]
O‘quv mashg‘ulotlari tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari va “mahallabay” ishlash markazlari xodimlari ish faoliyatini tashkil etish maqsadida ishlab chiqilgan 2 qismdan iborat o‘quv-uslubiy qo‘llanma asosida tashkil etilmoqda.
Hokim yordamchilari uchun tashkil etilgan mazkur malaka oshirish kurslari joriy yilning 27 noyabriga qadar davom etadi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA