Hokim opaning ayollar davrasi
Kattaqoʻrgʻon shahrida istiqomat qilayotgan 90 mingga yaqin aholining 50 mingdan ortigʻi, jumladan 26 ming nafar xotin-qizlar mehnatga layoqatli.
Kattaqoʻrgʻon shahrida istiqomat qilayotgan 90 mingga yaqin aholining 50 mingdan ortigʻi, jumladan 26 ming nafar xotin-qizlar mehnatga layoqatli.
Ammo hammasining ham bandligi taʼminlanmagan. Yil boshidan buyon shahar hokimligiga 811 nafar xotin-qiz ish masalasida murojaat qilgan. Shu paytgacha 178 nafar ayollarga doimiy ish oʻrni topib berilgan boʻlsa, 34 nafarining hovlisida davlat subsidiyasi asosida issiqxona qurib berilgan. 80 nafarga yaqin bekalar esa qisqa muddatli oʻquv kurslarida tikuvchilik, sartaroshlik, oshpazlik va boshqa kasblarga oʻqitilgan. Ular uy sharoitida ham bu kasblar bilan shugʻullanib roʻzgʻor tebratishi mumkin.
Koʻp yillar mahalla tizimida, xotin-qizlar qoʻmitasida faoliyat koʻrsatgan Gavhar Alimova Kattaqoʻrgʻon shahriga hokim etib tayinlangach, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish kabi muhim yoʻnalishlar qatorida xotin-qizlar masalalariga birinchi darajali yumush sifatida yondashayotgani sezilib turadi. Chunki, ayollarning dardu tashvishlarini his qila oladi, doim xotin-qizlar orasida boʻlgani uchun ularning turmush tarzidan ham yaxshi xabardor.
–18 yil uysiz, ijarada yashadim, – deydi Noqis mahallasida yashovchi Nodira Boliyeva. – Shu masalada hokimimizga murojaat qilgandim, arzimni yerda qoldirmay, hokimlik tomonidan ikki xonali uy ajratildi. Hozir ham har bir bayram, yaxshi kunlarda yoʻqlab turishadi. Bunday gʻamxoʻrlik va eʼtibordan boshim koʻkka yetadi.
G.Alimova bu gal shahardagi ehtiyojmand, ogʻir vaziyatga tushib qolgan bir guruh xotin-qizlar bilan dasturxon atrofida suhbatlashdi. Ularning muammo va tashvishlari, maqsad-oʻylarini eshitdi. Kimdir koʻzda yoshi bilan dardini toʻkib soldi. Kimdir quvonchini, yana kimdir istagini bildirdi.
– Shu paytgacha shahrimizdagi ishsiz opa-singillarimiz bandligini taʼminlash, roʻzgʻori uchun daromad manbai yaratish maqsadida 5 bosh sogʻin sigir, 30 bosh qoʻy, 11 ta tikuv mashinasi, 20 ta mikrotoʻlqinli pech va turli xil hunarmandchilik uskunalari berildi, – dedi G.Alimova. – Albatta bu juda kam. Qachonki, yuzlab shunday vositalar bersak, ayollarimiz uchun yangi ish oʻrinlari yaratsak va ular oʻzidan, roʻzgʻoridan koʻngli toʻq boʻlsa, keyin bu haqda gaprisak yarashadi. Hozir ham imkon darajasida yordam beryapmiz, birinchi navbatda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor qaratyapmiz.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ayollar va yoshlar daftarlari ham tashkil etilishi boshlandi. Bu roʻyxatni shakllantirib olganimizdan keyin aziz opa-singillarimizga yana koʻproq yordam beramiz. Oʻz navbatida ayollarimizdan farzand taʼlim-tarbiyasiga, oilada sogʻlom muhitni qaror toptirishga alohida eʼtibor berishlarini iltimos qilamiz. Oilalarimiz tinch boʻlsa, farzandlarimiz sogʻlom oʻsib, puxta bilim olsa, jamiyatimizning eng katta yutugʻi shu boʻladi.
Uchrashuv yakunida Gavhar Alimova xotin-qizlarga homiylar tomonidan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari, qishki kiyim-kechaklarni topshirdi.

