Hindistonlik mehmon SamDUning faxriy professori bo‘ldi
Samarqand davlati universitetida mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Hindiston madaniy aloqalar kengashi prezidenti Vinay Saxasrabuddxe bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Hindistonning yurtimizdagi elchisi Manish Prabxat, La’l Bahodir Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi direktori, professor Chander Shekxarlar hamrohligida Samarqandga kelgan yuqori martabali mehmon dastlab universitetning xalqaro ta’lim dasturlari fakultetida tashkil etilgan Hindiston o‘quv markazi faoliyati bilan tanishdi.
Vinay Saxasrabuddxe markazda faoliyat yuritayotgan hindistonlik mutaxassislar bilan muloqot qilib, markaz faoliyatini rivojlantirish, ta’lim dasturlarida axborot texnologiyalaridan keng foydalanishni tashkil etish bo‘yicha fikrlarini bildirdi.
Samarqand davlat universiteti faollar zalida o‘tgan uchrashuvda Samarqand davlat universiteti rektori R.Xolmurodov O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganini ta’kidlab, aynan ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan hamkorlikka alohida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va hamkorlik aloqalari natijasida Samarqand davlat universiteti Hindistonning bir nechta oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda ta’lim dasturlarini amalga oshirayotganligini ta’kidladi. Ayni paytda ham universitetda bir nechta hindistonlik mutaxassislar talabalarga ta’lim bermoqda.
[gallery-1381]
Hindiston madaniy aloqalar kengashi prezidenti Vinay Saxasrabuddxe hind va o‘zbek xalqlarining do‘stlik, hamkorlik aloqalarining tarixiy ildizlari mavjudligi, keyingi yillarda ijtimoiy-gumanitar sohalardagi hamkorlik mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etdi.
– Men Samarqand haqida maktabda o‘qib yurgan kezlarim darsliklarda o‘qiganman, — dedi Vinay Saxasrabuddxe. – O‘sha paytlardayoq bu buyuk shahar, dunyo tanigan, tan olgan ulug‘ zotlar tug‘ilib o‘sgan mo‘’tabar zaminga qiziqish, uni ko‘rish orzusi paydo bo‘lgan. Ne baxtki, bugun bolalikdagi orzuim amalga oshib, muqaddas zaminda bo‘lib, uning eng ulug‘ o‘quv yurti bilan hamkorlik aloqalarini amalga oshirmoqdamiz. Biz bugun kelgusidagi hamkorlik borasida qator ustuvor yo‘nalishlarni belgilab oldik.
Bunda oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlikdagi ta’lim dasturlarini amalga oshirish, talabalar va mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, umuman, ta’lim sohasidagi ulkan imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda kelgusida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz. Uchrashuvda Vinay Saxasrabuddxega Samarqand davlat universitetining faxriy professori unvoni topshirildi.
Shuningdek, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov va Hindistonning yurtimizdagi elchisi Manish Prabxat hamkorlik memorandumini imzoladi.
Tashrif davomida mehmonlar Samarqandning diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, xalqimizning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishdi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA