Hindiston tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
Nyu-Dehli shahriga amaliy tashrif bilan borgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan uchrashdi.
Muzokara davomida O‘zbekiston – Hindiston ko‘p qirrali munosabatining joriy holati va rivojlanish istiqboli, xalqaro hamda mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalarning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.
Tomonlar 2020 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan onlayn-sammit davomida erishilgan kelishuvlar ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga imkon bergani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida yangi zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratishga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish hamda ijtimoiy va infratuzilmaviy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish yo‘llari ko‘rib chiqildi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari BMT, SHHT va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasidagi ko‘p tomonlama aloqalar, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha fikr almashdi.
Afg‘oniston ishtirokidagi “Hindiston – Markaziy Osiyo” vazirlar muloqotining mintaqalararo hamkorlikni jadallashtirish, munosabat mexanizmini takomillashtirish hamda Afg‘onistonda barqaror tinchlik o‘rnatishdagi muhim ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Hindiston tomoni joriy yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif qilindi.
Muloqot davomida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.