Hindiston davlat vaziri Samarqand tibbiyot institutida bo‘ldi
Hindiston davlat vaziri, diplomat Minakshi Lexi xonim Samarqand davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi.
Tashrif mobaynida Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori Jasur Rizayev, yurtimizda jadallik bilan olib borilayotgan oliy ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar haqida gapirib, tibbiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan chet ellik talabalarga maqbul sharoitlarni yaratish borasida so‘z yuritdi.
Uning aytishicha, hozirda 450 dan ortiq chet ellik fuqarolar, Samarqand davlat tibbiyot institutiga o‘qish istagini bildirishgan. Ularning 200 nafarini hindistonliklar tashkil etadi.
Hindistonlik diplomat Minakshi Lexi xonim SamDTI da o‘qiyotgan Hindistonlik talabalar to‘plangan zalda so‘z olib, O‘zbekistonga har gal kelganida uning boy ilmiy-tarixiy merosi, tib ilmiga asos solgan allomalar yurti ekanligini aytib, mamlakat xalqining o‘zbekona lutf, o‘ziga xos mehmondorchiligidan o‘zgacha zavq olishi haqida gapirdi.
Nufuzli diplomatga Hindistonning O‘zbekiston respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi, janob Manish Prabxat hamrohlik qildi. Ular institutning xalqaro ta’lim fakultetida tahsil olayotgan 80 nafar hindistonlik talaba bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Diplomat xonim Hindistonlik talabalar orqali, O‘zbekistonda, xususan, Samarqand davlat tibbiyot institutida ularga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, talabalarning O‘zbekiston sharoitiga qanchalik moslashayotgani, o‘qish jarayonlaridagi yutuq va kamchiliklarni kuzatdi.
Ochiq muzokaralarda Minakshi Lexi xonim, uning O‘zbekistonga tashrifi, shunchaki protokol tashrif emasligi, u rasmiyatchilik uchun amalga oshirilmaganini ta’kidladi. Uningcha, hindistonlik talabalarning O‘zbekistonda egallagan bilimlari, Hindiston tibbiyotida o‘zini ko‘rsatishi muhim.
Maftuna KARIMOVA, O‘zA