Hindiston aholini ro‘yxatga ola boshladi
Hindiston 1-apreldan o‘z tarixidagi eng yirik va muhim voqealardan biri – umummilliy aholini ro‘yxatga olishga kirishdi. Dunyo bo‘yicha eng ko‘p –1 milliard 400 milliondan ko‘p odam yashaydigan mamlakat ilk bor to‘liq raqamli shaklda amalga oshirayotgan jarayonda 3 milliondan ziyod davlat xizmatchisi va mutaxassis ishtirok etmoqda. Demak, bu dunyodagi eng yirik demografik tadbir hisoblanadi. Ma’lumot qog‘oz shaklida emas, balki maxsus raqamli tizim orqali yig‘ilishi natijani tezkor qayta ishlash va e’lon qilish imkonini beradi.
Ro‘yxatga olish ikki bosqichda amalga oshiriladi: dastlab uy-joy va yashash sharoiti o‘rganiladi, keyin har bir fuqaroning ijtimoiy-iqtisodiy holati tahlil qilinadi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yil Hindiston aholi soni bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirib, dunyoda birinchi o‘ringa chiqqan. Rasmiy Dehli ayni holatni muammo emas, balki demografik ustunlik, deb baholamoqda. Ya’ni yosh, faol aholi iqtisodiy o‘sish uchun muhim resurs sifatida ko‘rilyapti.
Ushbu keng ko‘lamli jarayon 2027-yil mart oyiga qadar davom etadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA