Hindiston 7 yil ichida birinchi marta Eron neftini sotib oldi
Ko‘p yillik sanksiyadan so‘ng Hindiston dunyoviy energetika inqirozi sabab Eron neftini yana xarid qila boshladi. Bu qadam mintaqaviy geosiyosatda yangi bosqichmi?
Hindiston Neft va tabiiy gaz vazirligi AQSH va Isroilning Islom Respublikasiga qarshi urushi oqibatida yuzaga kelgan global energetika inqirozi tufayli Eron neftini yana sotib ola boshlaganini ma’lum qildi. Bu haqda “Kazinform” agentligi yozgan.
Shuningdek, to‘lov bilan bog‘liq muammo tufayli Eron neft tankeri Hindistondan Xitoyga yo‘naltirilgani haqidagi xabar inkor etildi.
Mish-mishdan farqli o‘laroq, xom ashyo importi uchun hech qanday to‘lov to‘sig‘i uchramagan. Qolaversa, ushbu mamlakat Tehrondan 44 000 tonna suyultirilgan gaz ham olgani aytilyapti.
Darvoqe, AQSH sanksiyasi tufayli 2019-yil Erondan Hindistonga neft yetkazib berish to‘xtagan.
20-mart kuni Donald Tramp ma’muriyati dengizda Islom Respublikasi neftini xarid qilish cheklanishi nazarda tutilgan sanksiyani 30 kunga bekor qilgan. CNN manbasi Vashington energiya inqirozi oqibatini yumshatish uchun shunday qadam tashlaganiga e’tibor qaratdi.
Hindiston 5-martgacha tankerlarga ortilgan Rossiya neftini sotib olish uchun vaqtincha ruxsat oldi. Tegishli litsenziya faqat Hind diyoriga ketayotgan kemalar, shuningdek hind kompaniyalari tomonidan sotib olingan xom ashyoga daxldor. AQSH Hindistonga RF nefti xaridi uchun bergan litsenziya muddati 4-aprelda tugadi.
G.Sattorova, O‘zA