“Hidoyat yoʻlining sarboni” deb ulugʻlangan allomani bilasizmi?
Vatanimiz tarixidagi 29 oktyabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.
Kun tarixi
Vatanimiz tarixidagi 29-oktabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.
1197-yil (bundan 823 yil oldin) – buyuk faqih, imom Burhoniddin Margʻinoniy ikkinchi marta haj safariga otlanganda Samarqandni tark etishga ulgurmay ogʻir xastalikdan vafot etdi. Tarixchi Abu Tohirxoja Samarqandiyning “Samariya” asarida yozilishicha, bu hodisa hijriy 593-yil zulhijja oyining oʻn toʻrtinchi kuni seshanbada (milodiy 1197-yil 29-oktyabrda) sodir boʻldi. Uni musulmon olamining eng tabarruk qabristonlaridan biri – Chokardiza qabristoniga dafn etganlar.
Mavlono Burhoniddinning qabri toʻgʻrisida Abu Tohirxoja Samarqandiy jumladan shunday deydi: “Mavlono Burhoniddin al-Margʻinoniyning mozori... Chokardiza qabristonida, katta koʻchaning kunbotarida, hovuzga oʻxshagan chuqurning yonidadirkim, shu katta yoʻl oʻsha hovuz orqali sharqiy-shimolga qarab oʻtadi. Mavlono Burhoniddinning qabri oʻsha katta yoʻlning janub tarafida, pishiq gʻishtdan qilingan baland sufadadir”.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, Burhoniddin Margʻinoniyning “Kitob al-Hidoya” (qisqacha nomi “Hidoya” – “Toʻgʻri yoʻl”) asari nafaqat Movarounnahrda, balki butun islom sharqida bir necha tillarga tarjima etilib maʼlum va mashhur boʻlib ketgan. Bu kitob fiqh ilmi boʻyicha eng aniq, izchil, mukammal asardir. Undan asrlar davomida islom huquqshunosligi boʻyicha nufuzli huquqiy manba – asosiy qoʻllanma sifatida foydalanilgan.
Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasida yozilishicha, alloma nafaqat ulamolar, balki oddiy xalq orasida ham “hidoyat yoʻlining sarboni” deya katta hurmat-eʼtibor topgan. Burhoniddin valmilla (islom dinining dalili, isboti) degan sharafli nomga sazovor boʻlgan. Hozir ham jahondagi koʻp oliy oʻquv yurtlarida musulmon huquqshunosligi fanlari Burhoniddin Margʻinoniyning fiqh taʼlimoti asosida oʻrganiladi.
Oʻzbekistonda 1997-yilda milodiy sana boʻyicha ulugʻ alloma vafotining 800-yilligi, 2000-yilda hijriy sana boʻyicha tavalludining 910-yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Margʻilon shahri markazida Burhoniddin Margʻinoniy yodgorlik majmui bunyod etilib, shu yerda uning ramziy maqbarasi oʻrnatildi.
1842-yil (bundan 178 yil oldin) – Buxoroga safar qilgan Xiva xoni Olloqulixon Xivaga qaytib keldi. Bu vaqtda 19-oktyabrdan beri Danilevskiy boshchiligidagi rus diplomatik missiyasi Xivada xonning qaytishini kutayotgan edi. Ertasi kuni biroz betob boʻlishiga qaramasdan xon rus elchilarini qabul qildi. Keyingi muzokaralar esa faqat 10-noyabrda boʻlib oʻtdi. Oradan 2 hafta oʻtgach, Olloqulixon dunyodan oʻtdi.
1942-yil (bundan 78 yil oldin) – Ikkinchi jahon urushi davrida Shimoli-gʻarbiy front, keyinchalik uchinchi Boltiqboʻyi frontida harbiylar uchun oʻzbek tilida “Vatan uchun” nomli gazeta chiqa boshladi. Unda hukumatning rasmiy xabarlari, frontdagi janglar, Oʻzbekistondagi voqealar, xorijda sodir boʻlayotgan turli yangiliklar, xullas, oʻz oʻquvchilarini xilma-xil axborotlar bilan tanishtirish orqali harbiylarda jangovarlik, vatanparvarlik, qahramonlik his-tuygʻularini yuksaltirishga harakat qilingan.
1997-yil (bundan 23 yil oldin) – Toshkentda Niderlandiya Qirolligi konsulxonasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Gʻarbiy Yevropada, Shimoliy dengiz sohilida joylashgan mazkur davlat Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini 1991-yil 31-dekabrda tan olgan, ikki davlat oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 10-iyulda oʻrnatilgan.
2000-yil (bundan 20 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasining boksni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tuzildi. Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, Oʻzbekistonda zamonaviy boks XX asrning 20-yillaridan ommalashdi. Tariximizdagi ilk boks musobaqasi 1922-yil Toshkentdagi “Fortuna” sport jamiyatida oʻtkazilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Boks federatsiyasi 1993-yildan Xalqaro bokschilar assotsiatsiyasi – AIBA aʼzosi.
2019-yil (bundan 1 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi