Hech bir xotin-qiz e’tibordan chetda qolmaydi
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ma’naviyati va madaniyatini yuksaltirish, ijtimoiy faolliklarini oshirish bo‘yicha Toshkent shahar tajribasini yaratish chora-tadbirlar rejasi amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahar tajribasini yaratish chora-tadbirlar rejasi asosida, poytaxtning 44 ta sektoridagi mahallalarda noyabr-dekabr oylarida xotin-qizlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy va madaniy, shuningdek, ularni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy faolliklarini oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Mamlakatimizda keyingi yillarda inson qadrini hamma narsadan ulug‘ bilish, uning huquq va manfaatlarini himoyalash, odamlarning muammolarini tezkor hal etish masalasi yanglanish jarayonlarida eng birinchi, ustuvor masalaga aylandi. Bu jihatlar xotin-qizlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularning manfaatlarini himoyalash, muammolariga o‘z vaqtida yechim topishga doir ishlarda ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 7 mart kuni qabul qilgan “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni tizimli davom ettirishga oid ishlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi.
Bugun mamlakatimizda xotin-qizlar bilan ishlashning ilgari misli ko‘rilmagan yangicha mexanizmi amaliyotga joriy etilmoqda. Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi o‘z faoliyati davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, turli viloyatlar, olis va eng chekka hududlarda opa-singillarimiz, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni chuqur o‘rganish va atroflicha tahlil etishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Oilalar, xonadonlar, munis opa-singilarimizni o‘ylantirayotgan turli masalalarga imkon qadar joyida yechim topishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligini oshirish, shaffofligini ta’minlash, xizmat ko‘rsatish qamrovini kengaytirish va tenglignini oshirish uchun ushbu sohani raqamlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Realsoft” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “xotin-qizlar.uz” – yagona interaktiv milliy platformasi ishga tushirildi.
Mazkur platformada quyidagi modullardan foydalanish imkoni yaratilgan. Jumladan, “So‘rovnoma” moduli orqali xotin-qizlar faollari tomonidan o‘z mahallasidagi istiqomat qiluvchi xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, ularning iqtisodiy va ijtimoiy ehtiyojlari, muammolari haqidagi ma’lumotlarni platformaga kiritish, ularni tahlil etish imkoni yaratildi.
2022 yilning may oyida xotin-qizlar bilan aniq yo‘naltirilgan ijtimoiy-psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etish maqsadida 7 ta bo‘lim, 17 ta yo‘nalish hamda 138 ta ko‘rsatkichlardagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “Xotin-qizlar balansi” ishlab chiqildi. “Xotin-qizlar balansi”ni shakllantirish maqsadida 9 ming 349 ta mahallada xotin-qizlar faollari hamda tegishli mas’ullar tomonidan “xonadonbay” xatlov o‘tkazilib, anketa so‘rovnomalari to‘ldirildi.
Natijada 17 million 630 ming nafardan ziyod xotin-qizning anketa so‘rovnomalari “xotin-qizlar.uz” milliy platformasiga kiritildi. “Xotin-qizlar balansi”da xotin-qizlar haqida umumiy ma’lumot, bandligi, mutaxassisligi, oilaviy, ijtimoiy holati, salomatligi hamda “Ayollar daftari”ga tavsiya etilganligi haqidagi ma’lumotlar jamlangan.
Muammolar moduliga mahalladagi xotin-qizlar faollari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari – 7 ta yo‘nalish – oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni kasbga o‘qitish, ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish, profilaktik hisobda turgan xotin-qizlar bilan ishlash, migratsiyadagi xotin-qizlarning oilasi bilan ishlash, xonadon gigiyenasi hamda sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 1 maydan amalga oshirgan ishlari, ya’ni aniqlangani muammolar va ularni bartaraf etilganligi haqidagi ma’lumotlar kiritilmoqda.
Respublika mahallalaridagi xotin-qizlar faollari tomonidan ajrim yoqasidagi ko‘plab oilalar yarashtirildi. Ishlash istagida bo‘lgan xotin-qizlarning bandligi ta’minlanmoqda. Kasb-hunarga o‘qitish va ish o‘rganish istagida bo‘lgan ko‘plab xotin-qizlar aniqlangan bo‘lib, kasb-hunarga o‘qitildi. Ijtimoiy xizmat va ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar aniqlangan bo‘lib, ularga o‘z vaqtida zarur ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Ayni paytda profilaktik hisobda turgan xotin-qizlar ham aniqlangan bo‘lib, ularning muammosi hal etilayapti.
“Ayol-qo‘mita” moduli hududlardagi o‘zgarishlar, respublika idoralaridagi ko‘p sonli murojaatlardan ko‘rinadiki, “Ayollar daftari”ga kiritish mezonlariga ko‘ra daftarga kiritlmagan xotin-qizlarning muammolari qayd etilmoqda. “Ayollar daftari”ning toifalariga to‘g‘ri kelmaganligi sababli daftarga kiritilmagan, biroq muammolarini hal qilishga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlarni aniqlash hamda ularga tizimli yordam berishni tashkil etish, migratsiyadagi xotin-qizlarning oilasi haqidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish va ularning voyaga yetmagan farzandlariga manzilli yordam berishni tashkil etish maqsadida “Ayol-qo‘mita” elektron platformasi tashkil qilindi. Ushbu platformaga namunadagi anketa-so‘rovnoma asosidagi ma’lumotlar kiritilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda xotin-qizlar tizimida ishlayotgan opa-singillarimizning malakasini oshirish maqsadida uch bosqichli o‘quvchilar tashkil etildi.
Mahallalardagi xotin-qizlar faollari uchun ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasi va mahallada ijtimoiy xizmatlarini yuritish bo‘yicha 3 bosqichli o‘quv kurslarida xotin-qizlar faollaridan iborat tinglovchilar o‘qitildi.
Shu bilan birga har haftada shanba kunlari mamlakatimizning barcha tumanlarida xotin-qizlar faollarining o‘z kasbiy faoliyatini yanada kuchaytirish, bilimlarini oshirishi bo‘yicha o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etilmoqda. Bularning barchasi xotin-qizlarga oid muammolarni tizimli, turli tashkilot va idoralar bilan hamjihatlikda, o‘z vaqtida va samarali hal etish imkonini bermoqda.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri