Hech bir ayol e’tibordan chetda qolmaydi
Mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joylarda “Ayollar daftari” tuzilib, ayollarni ish bilan ta’minlash, ularga tibbiy va psixologik yordam qamrovini kengaytirish, oilaviy ajralishlarning oldini olish chora-tadbirlari belgilanmoqda.
Navoiy viloyati Uchquduq tumanida ham manzilli ishlar olib borilmoqda. bugungi kunda tumanda 30 yoshdan katta ayollar 8591 nafarni tashkil etib, sektorlar kesimida tahlil etildi. Xotin-qizlar muammolarini aniqlash, yashash tarzini o‘rganish maqsadida barcha xonadonlarda xatlov o‘tkazildi. Natijada 188 nafar xotin-qizlar ro‘yxati shakllantirilib, “Ayollar daftari”ga kiritildi. 9 ta toifaga ajratilgan holda ishlar tizimli olib borilishi natijasida 97 nafar ayolning muammolari bartaraf etildi.
– 2018 yildan buyon har yili 6 nafardan uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan boshlang‘ich badali to‘lab berilmoqda. – deydi tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Gulbahor Allanova. – Joriy yilda ham 6 nafar ayollarimizga uy-joy olishlari uchun boshlang‘ich to‘lov to‘lab beriladi. Shuningdek, oilaviy ajrimlarning oldini olish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash maqsadida o‘quv mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 30 nafar juftlik o‘quv kursini tugatdi. Ularga sertifikatlar berildi. Ajrim yoqasiga kelib qolgan 15 ta oila yarashtirilib, oilalar tiklandi.
Ayollarni tadbirkorlikka keng jalb etish, hunar va kasbga yo‘naltirish maqsadida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 16 nafar xotin-qizga 500 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi va 56 nafar uchquduqlik ishsiz ayollar bandligi ta’minlandi.
Tuman hokimligi homiyligida “Qulquduq”, “Uzunquduq” ovul fuqarolar yig‘inida hamda “Kokpatas” mahalla fuqarolar yig‘inlari qoshida tashkil etilgan tikuvxonalarning har biriga 3 tadan tikish mashinasi berildi va qo‘shimcha 12 ta ish o‘rni yaratildi.
– O‘zim shu kunga qadar uyda tikuvchilik bilan shug‘ullanardim. Endi yangi tikuv xonasida opa-singillarimiz bilan buyurtmalarni tez va sifatli qilib bajarib berishimiz mumkin, – deydi Jamila Sidiqova.
Albatta, bu kabi amaliy ishlar tumanda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan ishlash tizimining aniq belgilab olinganidan darak. Ayni paytda ayollarimizning muammolarini bartaraf etish va bandligini ta’minlash borasidagi ishlar davom etmoqda.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA