Haydovchilar uchun uyquga qarshi aqlli ko‘zoynak yaratildi
“Haydovchilar uchun uyquga qarshi aqlli ko‘zoynak – “AntiSleep Glasses”” nomli EHM uchun yaratilgan dastur Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ko‘zoynak ramkasiga o‘rnatilgan optik sensorlar real vaqt rejimida haydovchining ko‘z holatini monitoring qiladi.
Algoritm quyidagi bosqichlarda himoyani ta’minlaydi: 3 soniya: agar ko‘z yopilsa, ko‘zoynakda yengil vibratsiya ishga tushadi. 5 soniya: agar haydovchi uyg‘onmasa, baland ovozli signal yangraydi.
Favqulodda holat: agar reaksiya bo‘lmasa, tizim haydovchining smartfoniga signal yuboradi va telefonni avtomatik ravishda maksimal ovoz balandligiga ko‘tarib, uyg‘otuvchi signal beradi.
Bu nafaqat qurilma, balki minglab insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik tizimidir.
EHM uchun yaratilgan dastur kompyuter va mobil qurilmalar biron-bir vazifani bajarishi uchun maxsus tilda yozilgan aniq ko‘rsatmalar va qoidalar to‘plamidir.
Ma’lumot uchun: “EHM uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga ko‘ra, EHM uchun yaratilgan dasturga bo‘lgan mualliflik huquqi e’tirof etilishi va ro‘yobga chiqarilishi uchun ro‘yxatdan o‘tkazish yoki o‘zga rasmiyatchiliklarga rioya etish talab qilinmaydi.
EHM uchun dasturlarni ro‘yxatdan o‘tkazish ixtiyoriy bo‘lib, muallifning huquqi hisoblanadi.
EHM uchun yaratilgan dasturni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Adliya vazirligining im.adliya.uz sayti orqali ariza topshirish mumkin.
N.Abduraimova, O‘zA