Havaskor gimnastikachilar musobaqasi
Namanganda “Gimnastika – barcha uchun!” shiori ostida sport festivali bo‘lib o‘tdi.
Namanganda “Gimnastika – barcha uchun!” shiori ostida sport festivali bo‘lib o‘tdi.Tadbirning ochilish marosimida mamlakatimizda xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilish, ularni sportga keng jalb etish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– Bugun viloyatimizda 242 mingdan ziyod xotin-qiz sport bilan muntazam shug‘ullanayotgani opa-singillarimizning sog‘lom hayot kechirishga intilishi ortib borayotganidan dalolat, – deydi Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi H.Yusupova. – Ayni paytda 3 mingga yaqin xotin-qiz badiiy gimnastika bilan shug‘ullanmoqda. Ayollar o‘rtasida turli festival va musobaqalar o‘tkazish an’anaga aylanayotir.
Festivalda shahar va tumanlarning 50 yoshdan oshgan uy bekalari va 10 yoshgacha bo‘lgan qizlardan tarkib topgan 12 jamoasi ishtirok etdi. Jamoalarning badiiy ko‘rgazmali chiqishlari, goh jo‘shqin, goh sokin musiqaga uyg‘un murakkab gimnastik mashqlarida o‘zbek xotin-qizlarining yuksak ijodiy mahorati, nafosat va g‘ayrati o‘z aksini topdi.
Norin tumanining “Navbahor”, Yangiqo‘rg‘on tumanining “Umid” jamoalari festivalning “Eng uyushgan guruh”, Kosonsoy tumanining “Istiqlol” jamoasi “Ko‘rgazmali chiqishning yaqqolligi”, To‘raqo‘rg‘on tumanining “Zafar”, Mingbuloq tumanining “Barkamol avlod” jamoalari “Eng yaxshi gimnastik harakatlar”, Namangan tumanining “Binafsha” va Chortoq tumanining “Nafosat” jamoalari “Eng yaxshi xoreografiya”, “Eng yaxshi dinamik harakat” nominatsiyalari g‘olibi, deb topildi.