Hasanboy Do‘smatov va 4 nafar bokschi qizimiz chorak finalda
Iordaniyada boks bo‘yicha davom etayotgan qit’a chempionati kutilgan va kutilmagan natijalarga boy bo‘lmoqda.
Kutilgani, kecha o‘tkazilgan janglarda Rio olimpiadasi g‘olibi Hasanboy Do‘smatov 51 kilogrammda tailandlik Panmot Titisanni 5:0 hisobida qiyinchiliksiz mag‘lub etdi. 60 kilo og‘irlikdagi vakilimiz Adhamjon Muhiddinov filippinlik Baskon Juliferni 1-raunddayoq texnik nokautga uchratgan bo‘lsa, 57 kilogrammda g‘oliblik yo‘lida dadil odimlayotgan iste’dodli bokschimiz Abdumalik Xalakov qit’a chempionatidagi ikkinchi jangida iroqlik Jasim Muhammadni katta ustunlik evaziga tomoshabinlar safiga kuzatib qo‘ydi.
Kutilmagani, qit’a chempionatida ilk bor ishtirok etgan Asilbek Jalilov 48 kiloli bokschilar orasidagi birinchi jangida qozog‘istonlik Sanjar Tashkenbayga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Xuddi shuningdek, 71 kg vaznli Havasbek Asadullayev va mo‘g‘ulistonlik Byamba-Yerdene Otgonbaatar o‘rtasidagi murakkab va teng kurashli bahsda hakamlar 2:3 ko‘rinishida jangni mo‘g‘ulistonlik bokschi foydasiga hal etdi.
Bugun, 5 noyabr kuni terma jamoamizning 5 nafar a’zosi chorak final bahslariga kirishadi.

Unda Hasanboy Do‘smatov butanlik Tenzin Dryugel bilan ro‘baro‘ kelsa, bokschi qizlarimizdan Feruza Kazakova 52 kilogrammda mo‘g‘ulistonlik Altansetseg Lutsaixan bilan, Nigina O‘ktamova 54 kiloda tailandlik Jitpong Jutamas bilan, Sitora Turdibekova 57 kilogrammda hindistonlik Priti bilan hamda Mavluda Mavlonova 70 kilo og‘irlikda tailandlik Manikon Baison bilan keingi bosqich masalasini hal qilishadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA