Harbiylar Bobur ijodini oʻrganmoqda
Unda Olmazor tumani Chigʻatoy-Darvoza mahallasi faollari, uyushma vakillari, kursantlar ishtirok etdi.
Adiblar xiyobonida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiya Harbiy-texnika instituti Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazdi.
Unda Olmazor tumani Chigʻatoy-Darvoza mahallasi faollari, uyushma vakillari, kursantlar ishtirok etdi.
Tadbirni institutning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Davron Oʻrinov kirish soʻzi bilan ochib, harbiylarni tayyorlashda Boburning hayot yoʻli, tajribalarini kursantlarga oʻrgatishning ahamiyati katta ekanini taʼkidladi.
Darhaqiqat, millatimiz maʼnaviyati va adabiyotining soʻnmas siymosi Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari teranligi hamda badiiy yuksakligi bilan bashariyat mulkiga aylangan. Ulugʻ mutafakkirning ijod namunalari yosh avlodni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, umumbashariy gʻoyalar ulugʻlanishi orqali insonlarni komillikka yetaklash, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashda muhim maʼnaviy qalqon vazifasini oʻtaydi. Shu bois, ularning adabiy merosini oʻrganish, oʻsib kelayotgan avlodga bu boy xazinaning qadri naqadar qimmatli ekanini tushuntirish muhim vazifalardan biridir.
Tadbirda soʻz olgan yozuvchi Maʼmura Zohidova, professor Jumaboy Rahimov Bobur ijodi va hayotining ana shunday eng nozik nuqtalariga eʼtibor qaratishdi.
Shundan soʻng, kursantlar tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur gʻazallaridan namunalar oʻqildi, sahna koʻrinishlari namoyish etildi.
Zulayho Ahmadjonova,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi
axborot xizmati mutaxassisi.