Harbiy va moliyaviy ko‘mak, yangi sanksiya...
Rossiya-Ukraina
AQSH Ukraina atrofidagi ziddiyat kengayishidan manfaatdor emas, deb bayonot berdi Pentagon matbuot kotibi, general Patrik Rayder.
“Asosiy diqqatimiz Ukrainaning o‘zini himoya qilishi, suveren hududlarini qaytarib olishiga qaratilgan”, dedi u haftalik brifing chog‘ida.
Qo‘shma Shtatlar Mudofaa vazirligi Ukrainaga yetkazib berilgan qurol-yaroq va harbiy texnika noqonuniy maqsadlarga yo‘naltirilayotgani, qandaydir “qora bozor”ga chiqib ketayotgani to‘g‘risida ishonchli ma’lumotga ega emas.
Rayderning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik harbiylarning Ukrainaga yetkazib berilgan aslahadan samarali va maqsadli foydalanilayotganiga ishonchlari komil.
“CNN” xabar berishicha, AQSH tomonidan Ukrainaga “Patriot” raketadan himoya tizimi yetkazib berilishi to‘g‘risidagi muzokara nihoyasiga yetib qolgan. Oq uydagi manba, hatto, ushbu qurollarni yetkazib berish rejasi ham ishlab chiqilgan. Mudofaa vazirligi mazkur hujjat yaqin kunlarda tasdiqlash uchun Prezident Baydenga kiritilishi mo‘ljallanayotganini aytmoqda.
“NATOga a’zo ayrim davlatlarda qurol-yaroq, harbiy texnika yetishmovchiligi munosabati bilan Ukraina va G‘arb o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelayotgani to‘g‘risida fikr paydo bo‘lmoqda, deb bayonot berdi Shimoliy Alyansdagi Qo‘shma Shtatlar doimiy vakili Juliann Smit.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq G‘arbning Kiyevga harbiy yordami bo‘yicha harakatini muvofiqlashtiruvchi guruh tuzilgan.
“Guruh a’zolari Ukrainada kamayib borayotgan aresenal masalasini ko‘rib chiqa boshlagan. Ishlab chiqarishni tiklash uchun harbiy sanoat korxonalariga zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha tavsiya berilmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Smit.
Buyuk Britaniya harbiy xizmatchilari 2022 yilning birinchi yarmida Ukrainadagi maxfiy amaliyotda qatnashdi, deb yozdi “The Times” nashri Qirollik mudofaa shtabi boshlig‘i o‘rinbosari Robert Magouenga tayanib.
“Britaniya elchixonasini qo‘riqlash bilan birga harbiylar siyosiy va harbiy xavf yuqoriligiga qaramay, boshqa maxfiy amaliyotlar o‘tkazishga ham jalb qilingan”, dedi Magouen.
Parijda o‘tkazilgan Ukrainaga yordam bo‘yicha konferensiya qatnashchilari tomonidan bir milliard yevro to‘plandi. Bu haqda Fransiya tashqi ishlar vaziri Katrin Kolonna ma’lum qildi.
“Mablag‘ning 415 million yevrosi energetika sektori, 25 millioni suv, 38 millioni oziq-ovqat ta’minoti uchun sarflanadi”, dedi u.
Kolonna Prezident Vladimir Zelenskiy tadbir boshlanmasdan oldin 800 million yevro so‘rab, murojaat qilganini ham aytgan.
Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal “bu mamlakatga ko‘rsatilgan juda yirik ko‘mak”, deya ta’kidlagan.
Kiyevga yordam ko‘rsatish bo‘yicha keyingi konfrensiyani 2023 yil Londonda o‘tkazishga kelishildi.
15-16 dekabr kunlari o‘tkaziladigan Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari sammitida Ukrainaga harbiy, moliyaviy va diplomatik ko‘mak masalasi muhokama qilinadi. Tadbirda Zelenskiyning videomurojaati ham kutilmoqda.
Ukraina Oliy Radasi Xavfsizlik kengashiga murojaat qilib, aksariyati rossiyalik bo‘lgan 56 nafar taniqli sportchiga nisbatan sanksiya e’lon qilishni so‘radi.
Tegishli ro‘yxatda sobiq gimnastikachi va Davlat Dumasi deputati Alina Kabayeva, xokkeychi va davlat arbobi Vyacheslav Fetisov, figurali uchish ustasi Kamila Valiyeva kabi nomlar bor.
Abror XON, O‘zA