Harbiy sohada qonuniylik va korrupsiyaga qarshi kurash masalalari muhokama qilindi Bosh prokuror o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori Qahramon Isroilov raisligida Qurolli Kuchlar vazirlik va idoralarining muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda Mudofaa vaziri Shuhrat Xalmuxamedov, Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Ikramov, Milliy gvardiya qo‘mondoni Bahodir Tashmatov, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlari va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari rahbariyati, Qurolli Kuchlar tizimidagi harbiy okruglar, qo‘shilmalar, harbiy qismlar, muassasalar, doimiy nazorat-tekshiruv organlari hamda harbiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davrida qo‘shinlarda qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Shuningdek, Prezident — Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni tomonidan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosi doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda sohalarni raqamlashtirish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish, harbiy xizmatchilarning huquqlarini ta’minlash, ularning oila a’zolarini ish bilan ta’minlash va ijtimoiy himoya qilish, salomatligini muhofaza etish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ushbu yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Hamroz Bayonov, O‘zA