Harbiy san’at tarixidan: Turon sarkardalari g‘animni qanday dog‘da qoldirgan?
Qadimgi va o‘rta asrlar harbiy san’atida muzaffariyat faqat qo‘shinning son jihatdan ustunligi bilan emas, balki lashkargohning puxta istehkomi va joyning tabiiy tuzilishini to‘g‘ri tanlay bilish salohiyati bilan belgilangan.
O‘rta asrlar Sharq davlatchiligi tarixida lashkargohlarning joylashuvi hamda mudofaa inshootlarining bunyod etilishi murakkab handasaviy hisob-kitoblarga asoslangan. XIII asr boshlarida yashab ijod etgan mashhur muarrix va mutafakkir Faxri Mudabbir (Sharif Muhammad ibn Mansur Muborakshoh) o‘zining shoh asari – “Odob al-harb va-sh-shujoat” (“Harb odobi va shijoat”) risolasida Somoniylar hamda undan keyingi davrlarning harbiy tajribasini tizimlashtirib, lashkar xavfsizligini ta’minlash usullarini mukammal bayon etadi. Ushbu noyob manba Turon zaminida, xususan, Samarqand va Buxoro atrofidagi harbiy yurishlarda qo‘shin muhofazasi bo‘yicha qat’iy qoidalar va muayyan me’yorlar amal qilganidan dalolat beradi. Muallifning ta’kidlashicha, harbiy yurishlar chog‘ida lashkar sonini qat’iy sir tutish hamda g‘animning to‘satdan uyushtiradigan tahdidlarining oldini olish birlamchi vazifa sanalgan. Shu maqsadda lashkargohni maxsus mudofaa devorlari, chuqur xandaqlar va sun’iy muhandislik to‘siqlari bilan o‘rab olish majburiy qoida etib belgilangan.
Lashkargoh barpo etishda makon tanlash – yerning tuzilishi, suv manbalarining mavjudligi hamda ot va ulovlarning xavfsizligi asosiy mezon bo‘lgan. Muborakshoh qo‘shin o‘rnashadigan maydon sho‘rxok, haddan tashqari toshloq yoki botqoq bo‘lmasligi shartligini alohida uqtiradi. Bunday talab otliq qo‘shinlarning tezkor harakatchanligini saqlash, otlarning tuyog‘i shikastlanishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurati bilan izohlangan. Shu bilan birga, lashkargoh aholi yashaydigan manzillardan xavfsiz masofada barpo etilib, to‘satdan uyushtiriladigan pistirmalardan saqlanish maqsadida tevarak-atrof to‘liq nazoratga olingan. Bu kabi taktik rejalashtirish sababli uzoq yurishdan horigan qo‘shin ham kutilmagan hujumlardan o‘zini ishonchli muhofaza qila olgan.
Harbiy yurishlar davrida qo‘shinning saflanishi va harakatlanish tartibi temir intizomga bo‘ysundirilgan. Tarixiy qaydlarga ko‘ra, asosiy jangovar qismlar bilan birga ulkan yuk-aravalar karvoni, oziq-ovqat zaxiralari hamda aslaha ta’minoti tuzilmalari bir maromda siljigan. Qo‘shinning jangovar safi sharqona harb an’anasiga ko‘ra g‘ul (markaz), maymana (o‘ng qanot), maysara (so‘l qanot) hamda ehtiyot saflariga ajratilib, har bir qism oldiga aniq strategik vazifa yuklatilgan. Saflarni ko‘rikdan o‘tkazish va jangovar shayligini tekshirish nafaqat to‘qnashuv oldidan, balki lashkargoh qurilayotgan mahalda ham muntazam bajarilgan. Bu tadbir lashkar orasida parokandalik yuzaga kelishining oldini olib, harbiy bo‘linmalarning o‘zaro uyg‘un harakatini ta’minlagan.
Aslaha-anjomlar turlari va ularni yasash sir-asrorlari ham harbiy muhandislikning ajralmas yo‘nalishi bo‘lgan. Manbada kamon va nayzalarning pishiqligi ular yo‘nilgan yog‘och navlariga, suyak va pay qismlarining qay darajada mohirona biriktirilganiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq ekani ochib beriladi. Muborakshoh o‘q-yoylarning turli masofalarga mo‘ljallangan shakllari, paykonlarining tuzilishi va sovutlarni teshib o‘tish darajasini mufassal bayon etadi. Mustahkam qal’a va istehkomlarni zabt etish uchun maxsus manjaniq hamda toshotar qurilmalar yaratilib, ularni joyiga yetkazish va o‘rnatishda nozik handasaviy o‘lchovlar tatbiq etilgan. Mazkur qamal qurollari har bir hududning relefi va istehkom devorlarining balandligiga moslab sozlangan.
Lashkardagi yuksak hamjihatlik va boshqaruvning muayyan markazga bo‘ysunishi zafar qozonishning bosh omili sifatida baholangan. Turli elat va hududlardan to‘plangan, yagona harbiy nizomga amal qilmaydigan tarqoq guruhlarning jangovar salohiyati sust bo‘lishi tarix silsilasida ko‘p bora ko‘zga tashlangan. Muborakshoh lashkarboshilarning bosh maqsadi barcha jangchilar qalbida mustahkam burch, intizom va o‘zaro madad tuyg‘usini shakllantirishdan iborat ekanini ta’kidlaydi. Hamjihatlik bo‘lmagan saflarda parokandalik va chekinish xavfi yuqori bo‘lgani sababli, sarkardalar jangchilarning ruhiy barqarorligi va jangovar tadbiriga birdek diqqat qaratgan.
Jang maydonidagi harbiy san’at nafaqat shiddatli hujum usullarini, balki zarurat tug‘ilganda qo‘shinni saqlab qolish, chekinish va qayta saflanish rejalarini ham o‘z ichiga olgan. Quyosh nurining tushish yo‘nalishi, shamolning kuchi va tevarakdagi to‘zon kabi tabiiy omillar lashkar harakatida qat’iy inobatga olingan. “Odob al-harb va-sh-shujoat” risolasida ko‘rsatilgan harbiy qoidalarga muvofiq, kunning ikkinchi yarmida boshlangan janglar to‘qnashuv og‘ir kechganda qo‘shinga ortiqcha talafotlarsiz lashkargoh panohiga qaytish imkonini bergan. Mazkur tadbirlar lashkarni kutilmagan mag‘lubiyatdan asrovchi ishonchli vosita bo‘lib xizmat qilgan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Turon zaminida shakllangan harbiy-muhandislik an’analari keyingi davrlarda davlat mudofaasi va shaharsozlik madaniyatining mustahkam tayanchi bo‘lib xizmat qildi. Muborakshoh merosi o‘rta asrlarda harbiy mahorat tasodifiy tadbirlar emas, balki aniq handasaviy hisob-kitob, yuksak intizom va puxta geografik kuzatuvlar uyg‘unligida olib borilganini ko‘rsatadi. Mukammal strategik tadbir, qurol sifati va temir intizom uyg‘unligi esa saltanat sarhadlarini daxlsiz saqlashda hal qiluvchi mezon bo‘lib qolgan.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA